Mulohaza uchun mavzu

Egan og‘iz uyalar

Qibraydan chiqib, Toshkent tarafga ketayotsam, shundoqqina “Do‘rmon” yozuvchilar ijod uyining qayilmasida bir odam qo‘l ko‘tardi.

— “Ezadiyor” to‘yxonasiga, — dedi mijoz ochiq oynadan bosh suqib. To‘yxonaning nomini talaffuz qilganida urg‘u birinchi bo‘g‘inga tushdi.

— Mayli, o‘tiring.

— Yo‘q, avval hizmat haqini ayting.

Yo‘lim shundoq ham shaharga edi, shu bois insof bilan so‘radim:

— Sakkiz ming bera qoling.

—   Olti ming!

—   Ozroq qo‘shing...

—   Bo‘pti, yetti ming.

—   O‘tiring.

Savdomiz tezda pishib, yo‘lga tushdik. Mijozim ko‘pni ko‘rgan, dunyoning ilmini suv qilib ichvorgan odamlardanakan. “Chorsu”dagi go‘sht rastasida to‘rtta “tochka”si bo‘lgan qassob tanishining  to‘y oshiga ketayotgan ekan. U yoq-bu yoqdan gurunglashib, bir zumda manzilga yaqinlashib qoldik.

— Darvoqe, ismingiz nima edi, o‘g‘lim?

Yo‘lovchimning bu savolida, yana “o‘g‘lim” deyishida bir shumlik borligi hayolimga ham kelmagandi. Aytdim. U kishi yana savolga tutdi:

— Hozir meni manzilga eltgach, nima ish qilasiz?

Ochig‘i, ozroq yolg‘on gapirishga to‘g‘ri keldi:

— Tirikchiligimiz shu, taqsir...

— Tushlik vaqti bo‘lib qoldi, — dedi hamrohim sinovchan qarab. —Biror joyda tamaddi qilsangiz kerak?

— Ha, albatta, — dedim kamtarlik bilan. — Mijozlardan bo‘shaganda yo‘lakay ul-bul yeb olaman...

Bu orada to‘yxonaga ham yetib keldik. Hamrohim, “endi gap bunday”, degandek, kutilmaganda yelkamga qo‘l tashladi.

— O‘g‘lim, mashinani bir chetga qo‘ying, endi. Billalashib oshga kirib chiqamiz. Qassobning oshi qazili bo‘ladi.

Bu g‘alati taklif edi. Shoshib qoldim.

— E, yo‘g‘-e, noqulay...

— Nimasi noqulay, — dedi hamrohim cho‘rt kesib. — Hozir baribir biror joyda tushlik qilishingiz kerakmi? O‘ldim deganda, o‘n ming pulingiz ketar. Ota-bola bo‘lib oshga kirib chiqsak, ovqat pulingiz yonga qoladi, siz bilan ham “rachcho‘t” bo‘lamiz.

Yo‘lovchimning oxirgi gapi kulgili edi. Qudaning tog‘orasi bilan andani siylagandek, birovning tekin oshini yedirarkanlar-de, yana kira haqini “tuya” qilmoqchilar.

— O‘zingiz bemalol kirib chiqavering, oshingizga, — dedim norozi to‘ng‘illab.

— Hazillashdim, — dedi hamrohim handon otib. — Beraman, pulingizni. Avval oshga kirib chiqaylik. Yuraqoling, endi, ana odamlar kelayapti, qo‘shilvolamiz...

Qarasam, kirmaganimga qo‘yadiganmas. Kap-katta odamni ko‘pam yalintirish noqulay edi. Hay mayli, osh bo‘lsa osh-da!

Buni qarangki, o‘n ikki kishilik stolga o‘n bir kishi o‘tirib qoldik. Ashaddiy oshxo‘rlarlardan bo‘lsangiz bilasiz, bunaqa paytda qaysidir nasibasi butun odamga alohida lagan tegadi. Osh tortilayotganda, yonginamda o‘tirgan “mijoz”im jilovni qo‘lga olib, uzatilayotgan laganni hali u yoqqa, hali bu yoqqa chunonam mohirona o‘ynatdiki... bir o‘zimga bir lagan osh tushib qoldi. Oshpazam palovni sayratvoribdi, azamat! Naq bir lagan palovxonto‘rani bir o‘zim pok-pokiza tushirdim. Ora-chorada hamrohim boyagi mehribonlik bilan: “Oling, katta-katta oling, o‘g‘lim, kuni bilan ko‘chada yurasiz”, deb dalda berib qo‘yadi. Dasturxondan lagan olinguncha zar qog‘ozga o‘ralgan xo‘rozqandday novvotdan bittasini  ko‘kchoyga eritib ichgandim, qorin jonivor hushtak chalvordi.

To‘yboshilar bilan o‘zimizcha xo‘shlashib, ko‘chaga chiqqanimizda “mijoz”im cho‘ntak kovladi:

— Bizdan qancha edi, o‘g‘lim?

Nima deyishimni bilmay qoldim. Yegan og‘iz uyalarkan-da...

Manba: G'ayratli Sher