Bilasizmi?

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlari tarixidagi o‘z rekordini yangiladi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining navbatdagi medallarini naqd qildi, deb yozmoqda Xalq so‘zi nashri.

Gap shundaki O‘zbekiston terma jamoasining yana uch nafar kurashchisi yarim finalga chiqib medallarni naqd qildi. -78 kg vazn toifasida gilamga chiqayotgan Kumush Yo‘ldosheva yarim finalda Xitoy Taypeyi vakili Yang Hsin Syuni mag‘lubiyatga uchratib finalga yo‘llanma olgan bo‘lsa, -90 kg vaznda bir yo‘la ikki sportchi Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandreyev yarim finalga chiqib, kamida bronza medallarini naqd qilishdi.

Bir kun muqaddam boks bo‘yicha terma jamoamizning barcha, yetti nafar a’zosi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, kamida bronza medallarini naqd qilishgandi. Bugungi uchta medal bilan bu hali rasmiylashtirilmagan naqd medallar soni 10 taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy hisob-kitoblar bo‘yicha 49 ta medalni qo‘lga kiritgandi. Unga naqd bo‘lib turgan 10 ta medalni qo‘shadigan bo‘lsak, jami medallarimiz soni eng kamida 59 ta bo‘lishi aniq bo‘ldi.

Aynan mana shu natija O‘zbekiston sport delegatsiyasining barcha davrlarda eng ko‘p medal qo‘lga kiritgan Osiyo o‘yinlari sifatida tarixga kiradigan bo‘ldi. Shu kungacha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida eng ko‘p medalni 2010 yili Guangjouda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda qo‘lga kiritgandi — 56 ta medal (11 oltin, 22 kumush, 23 bronza).

Oltin medallar soni bo‘yicha rekord 2002 yili Pusanda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi 15 ta oltin medalni o‘ziniki qilib olgandi.