Bilasizmi?

Faqat erkaklar o‘qisin! 18+...

Bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng katta muammolardan biri bu ajralishlardir. Afsuski, ajrashish arafasida turgan insonlarning hammalari ham o‘z xatolarini vaqtida tushunib yetmaydilar. Tog‘lardan yiroqlashganing sari ularning naqadar ulug‘vorligi his qilasan, deyishganidek inson zoti bir narsani yo‘qotmaganigacha uning qadriga yetavermaydi. Guldek oila barbod bo‘lgandan keyingina xatolar ayon bo‘la boshlaydi. Biroq, singan choynakni chegalasang ham u o‘z holicha bo‘lmaydi.

Bugun ham kimdir ajrashish ostonasida turgandir. Yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi, tamom, hammasiga nuqta qo‘yaman, deyishdan osoni yo‘q, aslida. Aynan ana shu dahshatli qadamni tashlashga tayyor turganlar uchun AQShlik yozuvchi, biznes-trener, Jerald Rojers o‘z maslahatlarini berar ekan, bir vaqtlar o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolarni deb oilasini saqlab qola olmaganini aytadi. U ajrashish osnonasida turganlar, xususan, erkaklarga oilani saqlab qolish va baxtli yashash uchun 20 ta maslahat beradi.

“Albatta, men munosabatlar bo‘yicha ekspert bo‘la olmayman, ammo oilaviy hayotdagi kichik tajribamdan kelib chiqib, agar menga ikkinchi imkon berilganda men nima qilgan bo‘lardim, deb o‘ylab qoldim. Men bilan 16 yillik hayotini o‘tkazgan ayolni yo‘qotdim. Shuning uchun siz ham mening xatolarimni takrorlashingizni istamasdim...”, – deydi Jerald Rojers.

1. Hech qachon unga e’tiborli bo‘lishdan to‘xtamang. U bilan qayta va qayta tanishing.

Mening eng katta xatoim – rafiqamni majburiyatim deb bilganim. Har biri erkak ayol kishining qo‘lini so‘rar ekan, uni bir umr baxtli qilish, ko‘ngliga yo‘l topish haqida o‘ylaydi. Ammo vaqt o‘tgani sari erkaknig o‘z-o‘ziga bergan va’dasi unut bo‘lib boraverar ekan.

Sizning rafiqangiz – hayotingizdagi eng kerakli va aziz insonlardan biridir. Siz uni o‘zingiz uchun tanlagansiz, shunday emasmi? Mana shuni hech qachon unutmang! Qalbingizda unga nisbatan mehr, muhabbat borligi uchun uylangansiz. Siz ana shu muhabbatni quvvatlantirib boring...

2. Yuragingizni himoya qiling.

Oila boshlig‘i sifatida siz nafaqat uning qalbini, balki o‘z qalbingizni ham himoya qila bilishingiz kerak. Yuragingizni boshqa, begona ayollardan himoyalang. O‘zingizni seving va mayda munosabatlarga berilmang. Keraksiz, oiladan tashqaridagi munosabatlar yuragingizga bo‘lgan hiyonatdir. Erkak kishining yuragiga uning rafiqasidan boshqa hech kim “ega”lik qilishi kerak emas. Turmush o‘rtog‘ingiz esa unga ehtiyoj sezgan vaqtingizdayoq, yuragingizga hech bir to‘siqsiz kira olishi kerak.

3. Qayta va qayta seving.

Siz doimiy ravishda o‘zgarib turasiz. Bu har bir inson tabiatiga xos. Uylangan vaqtingizdagi yosh, navqiron, kuch va g‘ayratga to‘lgan shaxs endi yo‘q...

5 yildan so‘ng bugungidek bo‘la olmaysiz. Insonlar o‘zgaradi, ammo qanday o‘zgarishlar bo‘lishidan qat’i nazar siz har safar o‘z juftingizni tanlashingiz lozim. Uni avvalgidek, xuddi ilk bor ilk bor tanishgan chog‘ingizdagidek seving...

4. Har qachon rafiqangizdan yaxshi hislatlarni izlang.

Uni sevishingizni unutmang! Yomon jihatlarni hammadan topish mumkin, hatto, sizdan ham. Shu sababli uning faqat yaxshi fazilatlari haqida o‘ylang, yomonini ortga tashlng. U yoningizda bo‘lgan vaqtlarda hayotingiz qanchalar rang-barang va go‘zal bo‘lishini, u bilan o‘tgan baxtli kunlarni o‘ylang. Axir siz unga shunchaki uylanmagansiz, uni shunchaki tanlamagansiz-ku...

5. Uni o‘zgartirishga urinmang, bu sizning vazifangiz emas.

Sizning vazifangiz – uni shunchaki sevish. Uni o‘zingiz istagandek bo‘lishga majburlamang. U ham mustaqil individ ekanini yoddan chiqarmang. Uni sindirmang. Ana shundagina ayol sizning mehr va e’tiboringiz tufayli siz istagandek o‘zgaradi va siz uni sevishda davom etaverasiz.

6. Barcha majburiyatlarni o‘z gardaningizga oling.

Oiladagi majburiyatlarni erkak kishi zimmasiga olishi lozim. Bunda hissiy majburiyatlar ham nazarda tutiladi. Sizning baxtingiz – ayolingizning tashvishi emas. Agar o‘zingiz istamangiz u sizni baxtli qila olmaydi. Axir siz ham barcha oila a’zolaringizning baxtini ta’minlash majburiyatini ololmaysiz-ku. Agar siz baxtli bo‘la olsangiz, u ham baxtli bo‘ladi. Turgan gapki, siz va turmush o‘rtog‘ingizning baxti – bu oila baxti degani. Ba’zida shunchaki baxtli bo‘lishni istash, insonga qalb yo‘llarini ochib beradi.

7. Jahlingiz chiqayotgan mahal, o‘zingizni bunga u aybdordek tutmang.

Jahlingizni jilovlay biling. Turmush o‘rtog‘ingizdan jahlingiz chiqayotgan bo‘lsa, demak bu sizning tanlovingiz. Yoshlikda olgan jarohatlaringiz katta hayotda pand berayotgani rafiqangizning aybi emas. U sizni davolash uchun ortingizdan yugurib yurishi ham noto‘g‘ri. Hissiyotlaringizni jilovlashni o‘rgangan mahalingiz, oilaviy munosabatlar ham sekin-asta izga tushayotganiga guvoh bo‘lasiz.

8. Rafiqangizga shunchaki, yashash imkonini bering.

Turmush o‘rtog‘ingizning biror narsadan asabi buzilganda, uning barcha muammolarini birdaniga bartaraf qilishga urinmang. Bu sizning majburiyatingizga kirmaydi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Unga asabiylashish insonga ba’zi narsalarni tushunishga va ko‘ra bilishga yordam berishi mumkinligini tushuntiring. Ayollar shunday yaratilgan. Ular hamma narsani ko‘ngliga yaqin oladi. Ammo shunday holatlarda u sizga suyana olishi mukinligini his etishi kerak. Jahldan tushgan mahalda u yonida kuchli va irodali erkak borligini tushunadi. Har safar jahli chiqqanda uydan qochib chiqib ketadigan emas, uning yonida bo‘la oladigan erkak sifatida sizga barcha sirlarini ishonadi. U qanday qiyinchiliklarga, muammolarga duch kelishidan qat’i nazar uning yonida bo‘lishingizni tushuntira biling.

9. Biroz “tentakroq” bo‘ling.

O‘zingizni keraksiz narsalarda ham ayblayvermang. Ko‘proq kulib gapiring. Shunday qilingki, u ham kulsin. Kulgu hayotni nurlantiradi va yashashni osonlashtiradi.

10. Uning qalbiga har kuni kiring.

U qanday holatda o‘zini sevimli va himoyalangan his etishini bilishingiz kerak. Lozim bo‘lsa, uni quvontiradigan 10 ta narsaning ro‘yxatini tuzing. Nima qilsam u baxtli bo‘ladi, degan fikr doimo miyangizda charx ursin. Ana shu sizning hayotdagi maqsadingiz bo‘lsin. Imkonini topa olsangiz, har kuni unga o‘zi istagan baxt nashidalarini xadya etib boring.

11. Uning hayoti ichida bo‘ling. Buni bejizga aytayotganim yo‘q.

Siz umr yo‘ldosh sifatida uning hayotini kuzatib borishigiz kerak. Agar u sizga biror nima haqida gapirib berayotgan bo‘lsa, erinmay eshiting. Siz ishda bo‘lgan vaqtingizda u sizni kun davom kutadi. Kechga yaqin ishdan kelganingizda, uning ham so‘zlarini eshitish uchun ko‘chadan miyangizni bo‘shatib kirishingiz kerak. Uni eng kerakli mijozingiz deb tasavvur qiling.

12. Uning “maxfiy olamini” boricha qabul qiling.

U bilan ishqiy munosabatlarni shunchaki qiziqish, ehtiyoj deb baholamang. Bu uning qalbi bilan bog‘liq munosabat. Shunday qilingki, u sizga hamma vaqt ishonsin va sizdan baxt topsin.

13. Ahmoq bo‘lmang, ammo ba’zida o‘zingizni ahmoqqa solishdan ham qo‘rqmang.

Hamma qatori siz ham xato qilasiz, u ham xato qiladi. Buni tan olishga o‘zingizda kuch toping va kelajakda ana shu xatoni takrorlamaslikka harakat qiling. Siz ideal bo‘lolmaysiz. Unga haftada 7 kun, bir kunda 24 soat davomida ahmoq bo‘lib tuyulmang.

14. Unga shaxsiy hudud ajratib bering.

Rafiqangizga bo‘sh vaqt kerak. O‘zi qiziqqan narsalarini qilishga, dugonalari, do‘stlari, yaqinlari bilan uchrashishga ruxsat bering. Bolalaringiz bilan ham o‘zingiz, onalarisiz qolishga urinib ko‘ring. Unga ham uy tashvishlaridan dam olishga imkon bering. U ham xuddi siz kabi dam olishga va ko‘nglini yozishga haqli ekanini unutmang.

15. Ba’zida zaif bo‘la biling.

Sizni qo‘rqitayotgan, tashvishga solayotgan narsalar haqida unga gapiring. Xatolaringizni tan olishni, kechirim so‘rashni o‘rganing.

16. Uning qarshisida butunlay rostgo‘y bo‘ling.

Agar rafiqangiz sizga to‘la ishonishini istasangiz, uning oldida rostgo‘y bo‘ling. Hech qachon, hech kimga aytmagan gaplaringizni unga ayta olishingiz kerak. Albatta, bunga iroda kerak. Shuni bilingki, o‘rtangizda biror sir qolmagandagina munosabatlar bir maromga keladi. Ko‘chaga chiqqanda taqiladigan niqob, uyingiz ostonasida yechilishi kerak.

17. Hech qachon u bilan birga katta bo‘lishdan to‘xtamang.

O‘simlik barg yozib, gullashi va meva berishi uchun anchayin mashaqqatli mehnat talab etiladi. Munosabatlar ham xuddi shunday, parvarish bo‘lmasa bari bekor. O‘zaro, ikkingizga ma’qul bo‘lgan niyat va tilaklarni, orzularni birgalikda o‘ylang. Reja tuzing va ularni amalga oshirishga harakat qiling.

18. Pul haqida o‘ylamang.

Pulni oilada har ikkingiz boshqarishingiz lozim. Agar ularni ishlata bilmasangiz, sarflashdan qo‘rqsangiz pullarning sizga nafi bo‘lmaydi. Juftingizga ishoning, undan pul berkitmang. Bu o‘zaro ishonchga putur yetkazadi.

19. Kechirishni va unutishni biling.

Uning xatolarini tezda kechiring va unuting. Shunday unutingki, kun kelib yuziga solmang. Kelajak haqida o‘ylaganda, kelajakni u bilan tasavvur qilganda, qachonlardir qilingan xato va kamchiliklarni eslash shart emas. O‘tmish sizni asir sifatida ushlab turishiga yo‘l qo‘ymang. Unutmang, har bir xato hayotda nimanidir yaxshilashga urinish chog‘ida qilinadi. Buning uchun uni va o‘zingizni ayblashingiz noo‘rin. Bilib turib hech kim xato qilmaydi-ku, axir. O‘tmishdagi xatolarni eslash oilani jarlik sari yetaklaydi. Kechirish esa barchasini unutishga va yangi maqsadga intilish sari yagona yo‘l sanaladi.

20. Har qachon MUHABBATni tanlang!

Balki buni sizga faqat men aytayotgandirman, ammo siz faqat muhabbatni tanlashingiz kerak. Bu inson hyotidagi eng kerakli narsaligini unutmaslik kerak. Agar muhabatni tanlasangiz, har qanday vaziyatda ham oilangiz buzilmaydi. Chunki oilaning asosi – muhabbatdir. Muhabbat esa sabr va bardoshli. U har qachon yo‘l ko‘rsata oladi. Baxtli bo‘ling. Ajrashmang!

Oila, turmush – bu “ular uzoq va baxtli yashashdi” deganidir. Bu ish, bu munosabatlardagi o‘zgarishlarga tayyor turish. Ammo munosabatlar vaqt bilan sinaladi. Munosabatlaringiz ustida ishlang va baxt o‘zi oyog‘i bilan keladi.

Nikoh hayot kabi yuqorilash va yiqilish kabi muhim jaryonlardan tashkil topgan. Bir-biringizni sevishga o‘rganing, bu sizga katta maqsadlar va imkoniyatlar eshigini ochadi. U xuddi imoratga o‘xshaydi. Imoratning biroz qiyshaygan g‘ishtlarini har kuni to‘g‘rilasangiz, u hech qachon buzilmaydi.

Umida Yakubova
 Manba: Qalampir.uz