Salomatlik

YeChL yarim finalida madridliklar uchrashmaydigan bo‘ldi

Bugun Shveysariyaning Non shahrida futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining yarim finaliga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yarim finalda o‘zaro ro‘baro‘ bo‘ladigan jamoalar nomi aniqlandi. Qur’aga ko‘ra, yarim finalda ikki ispan grandi o‘zaro to‘qnashmaydigan bo‘ldi. Bu degani Madridning ikki jamoasi—“Real” va “Atletiko” o‘z raqiblari to‘sig‘idan o‘ta olishsa, finalda uchrashish imkoni tug‘iladi. Bu uchun “Real” jamoasi “Manchestr Siti”ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lub etishi, “Atletiko” esa nemis grandi “Bavariya” to‘sig‘idan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Yarim finalning ilk o‘yinlari joriy yilning 26 va 27 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Javob o‘yinlarini  3 va 4 may kunlari o‘tkazishi belgilangan. Shuningdek, qur’a marosimida joriy yilning 28 may kuni Italiyaning Milan shahridagi muhtasham «San-Siro» stadionida bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvida qaysi juftlik g‘olibi nominal mezbon bo‘lishiga ham oydinlik kiritildi. Qur’a natijalariga ko‘ra, birinchi juftlik («Manchester Siti» - «Real») g‘olibi Yevropa chempionlar ligasi finalida nominal mezbon maqomiga ega bo‘ladi.

Yarim final juftliklari 26 aprel «Manchester Siti» - «Real»

27 aprel «Atletiko» - «Bavariya»

Shuningdek, bugun Yevropa ligasining 1/2 finaliga ham qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, mazkur turnirda ham ikki ispan jamoasi finalda uchrashish imkoniga ega bo‘lishdi. Buning uchun "Sevilya" jamoasi "Shaxtyor D"ni, "Vilyarreal" klubi esa "Liverpul" jamoasini mag‘lubiyatga uchratishi talab etiladi. 

Dastlabki o‘yinlar 28 aprel sanasida bo‘lib o‘tadi. Javob o‘yinlari 5 may sanasiga belgilangan. Final o‘yin 18 may kuni Bazel shahrida o‘tkaziladi.

"Shaxtyor" – "Sevilya"

"Vilyarreal" – "Liverpul"