Salomatlik

YeChL: Simeone – Gvardiola 1:0

Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi musobaqasining ikkinchi yarim finali doirasida o‘tkazilgan o‘yinda ispan va nemis grandlari to‘qnashdi. Madriddagi  «Visente Kalderon» nomli stadionga kelgan minglab futbol muxlislari uchun bu kun haqiqiy bayram bo‘ldi. Ayniqsa, o‘z sevimlilarining birinchi o‘yinda kimsan “Bavariya” klubi ustidan zafar quchgani madrdirliklar quvonchini ikki hissa oshirdi.

Milliy chempionatda “Barselona”ni izma-iz ta’qib qilib kelayotgan “Atletiko” Diyego Simeoni qo‘l ostida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. O‘ziga xos jangovar xarakterga ega mazkur jamoa Gvardiola shogirdlarini ilk o‘yinda bir to‘q farqi bilan mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘yinning umumiy manzarasi haqida gapiradigan bo‘lsak, jamoalarning mahorati teng ekani ko‘zga tashlandi. Gvardiola jamoasi “Bavariya” o‘z uslubida o‘ynadi. To‘p nazorati borasida ustunlikka erishgan bo‘lishsa-da, Oblak darvozasiga Alkantara, Myuller, Riberi va Levandovski singari top-futbolchilar “yo‘l” topa olishmadi.

O‘yindagi hisob 11-daqiqada ochildi. “Atletiko Madrid” a’zosi Saul o‘z individual mahorati evaziga "Bavariya"ning bir yo‘la to‘rt o‘yinchisini aldab o‘tib, Manuel Noyerni dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

“Bavariya” jamoasining hisobni tenglashtirish yo‘lidagi barcha urinishlari zoye ketdi. Biroq javob o‘yinida myunxenliklardan ko‘p narsa kutish mumkin. Myunxendagi 75 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘idira oladigan muhtasham “Alyans Arena” stadionida Simeone shogirdlariga oson bo‘lmasligi aniq.

Shunday qilib, Simeone va Gvardiola o‘rtasidagi birinchi qarama-qarshilikda argentinalikning qo‘li baland keldi.

Uchrashuvdan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida madridliklar ustozi Diyego Simeone o‘yindagi hisobdan mamnun ekanini, javob o‘yinida ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishlarini ta’kidlagan. O‘z navbatida Xosep Gvardiola ham o‘yinda katta ustunlikka erishganlari, biroq yaratilgan vaziyatlardan foydalana olmaganliklarini bildirgan.

Yevropa Chempionlar ligasi, 1/2 final Atletiko Ispaniya – Bavariya Germaniya 1:0 (1:0, 0:0) Gol: 1:0 – 11 Saul. Atletiko – Oblak, Xuanfran, Ximenes, Savich, Filipe Luis, Saul (Parti, 85), Gabi, Fernandes, Koke, Torres, Grizmann. Bavariya – Noyer, Lam, Martines, Alaba, Bernat (Benatiya, 77), Xabi Alonso, Duglas Kosta, Alkantara (Myuller, 70), Vidal, Koman (Riberi, 64), Levandovski. Ogohlantirishlar: Duglas Kosta (40), Noyer (82), Benatiya (82), Saul (84), Vidal (88).