Turkiyalik Junayt Chakir hakamlik qilgan Yevropa Chempionlar ligasi musobaqasining yarim finalidan o‘rin olgan "Manchester Siti" hamda "Real" Madrid klublari o‘rtasidagi uchrashuv durang natija bilan yakunlandi. Ya’ni o‘yinda hisob ochilmadi. Biroq Manchester shahrining ko‘rkam o‘yingohi—“Etihad stedium”ga yig‘ilgan minglab muxlislar, kutilganidek, shiddatli o‘yin guvohi bo‘lishdi.
Aytish kerakki, o‘yindan avval “Real” yetakchisi Krishtianu Ronalduning matchda ishtirok etmasligi aniq bo‘ldi, xatto qaydnomaga ham kiritlmadi. Milliy chempionatda orttirgan jarohati bois, u La ligadagi bir o‘yinni ham o‘tkazib yuborgan edi. Xabarlarga ko‘ra, joriy mavsumdagi YeChLning 10 uchrashuvida jami 16 ta gol kiritib, turnir doirasida to‘purar bo‘lib turgan Krishtianu Ronaldu “Santyago Bernabeu” o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan javob uchravshuvida ham maydonga tusha olmaslik ehtimoli bor.
O‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ikki jamoaning kuchi teng ekani sezildi. Zidan va Pellegrini shogirdlari ancha ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishdi. O‘yinning dastlabki 10-15 daqiqasida to‘p asosan darvozalardan yiroqda bo‘ldi. Aytarlik xavfli zarbalar kuzatilmadi. Asta-sekin “shaharliklar” tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Biroq, "Real" ham Angliyaga shunchaki himoyalanish uchun kelmaganini isbotladi.
Ronaldusiz “Real”da Garet Beylning imkoniyatlari va qirralari yorqinroq namoyon bo‘layotgandek. La Ligadagi oxirgi turda jamoasini muvaffaqiyat cho‘qqisiga olib chiqqan uyelslik futbolchi bu o‘yinda ham boshqalardan bir kalla ustun ekanini isbotlay oldi. Uning tezkor “yurishlari” shaharliklarni sarosimada ushlab tura oldi. O‘yinni tashkil etishda esa “Real“Luka Modrichga suyandi. Birinchi bo‘limning o‘rtalarida qirollik klubida bir-ikta golli vaziyatlar bo‘ldi, biroq Jo Xart ishonchli o‘ynadi. “Manchester Siti” tarkibida Kevin de Bryuyne faolligi bilan ajralib turdi.
Ikkinchi bo‘limda Zidan shogirdlari asta tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Xese, Kazemiro, Pepeda juda yaxshi imkoniyatlar yuzaga kelgandi. Ammo Xart gol bo‘lishiga imkon bermadi. Shu tariqa so‘nggi yillardagi birinchi raqamli yetakchi Krishtianu Ronaldusiz o‘ynagan “Real” safarda bir ochko ishladi. Har holda Angliya grandi bilan mazkur natija yomon emas. "Santyago Bernabeu"da bo‘ladigan o‘yin yana ham shiddatli kechishini tasavvur qilish qiyin emas.
Uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Real” ustozi Zinedin Zidan ikki jamoa imkoniyatini javob o‘yinida teng baholadi. Pellegrini esa durangdan qoniqish hosil qilganini, safarda jamoasi yaxshi o‘ynayotganini aytib, shogirdlari faqat g‘alaba uchun maydonga tushishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, YeChL yarim finalining navbatdagi juftligi—“Atletiko Madrid” va “Bavariya” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugun Toshkent vaqti bilan 23.45 da boshlanadi.
Yevropa chempionlar ligasi, yarim final Manchester Siti Angliya – Real Madrid Ispaniya 0:0 Manchester Siti – Xart, Kompani, Klishi, Sanya, Otamendi, Fernando, Fernandino, Silva (Ixeanacho, 40), Navas (Sterling, 77), de Bryuyne, Aguero. Real Madrid – Navas, Pepe, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich, Kazemiro, Beyl, Kroos (Isko, 89), Vaskes, Benzema (Xese, 46). Ogohlantirishlar: Pepe (24), Silva (37).