Madaniyat

Yaxshilik zanjiri |Ibratli voqea

O‘sha kuni tongda u tag‘in ming xijolat bilan ayolini ishxonasida qoldirib, yaqin atrofdagi metro bekatiga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay rafiqasiga ham shu ahvolda ishlash oson emasligini o‘yladi. Lekin, bu yerni shahar deb qo‘yibdi. Bir kunlik daromaddan ayrilish ham oilaning xotirjamligiga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Ayniqsa, yosh oila bo‘lsa. Shu kabi xayollar girdobidagi bu odam metrodan tushib, marmar zinalar orqali yuqoriga ko‘tarildi. Yomg‘ir tomchilayotgan, tumanli tong bo‘lishiga qaramasdan, u yo‘lning narigi tomonida, eski "Mersedes" yonida sovuqdan junjikib turgan kampirning yordamga muhtoj ekanini payqadi.

O‘zi tomonga kelayotgan yigitning yuzida iliq tabassumni ko‘rgan bo‘lsa ham, sovuqdan diydirab turgan kampir ich-ichidan xavotirga tushdi. Bir soatdan buyon shu alfozda turibdi, biror yo‘lovchi to‘xtamadi. Ehtimol, bu biror bezori bo‘lsa kerak. Urinib qolgan ust-boshi ham uning pulga muhtojligini isbotlaydi. Qarshisidagi odam oldiga yetib kelgunicha keksa ayolning kirmagan gumon eshigi qolmadi.

"Xayrli tong, xonim! Tashvishlanmang, sizga biror xusumatim yo‘q. Yordamga muhtoj ekaningizni sezib kelaverdim. E, ha, shina teshilib qolibdi-ku! Umid qilamanki, mashinada ortiqchasi topiladi", dedi notanish yigit.

Unga qanday munosabatda bo‘lishni bilmay turgan kampir sovuqdan bo‘lsa kerak, haliyam joyidan qimirlamay turardi.

“Ha, aytgancha, mening ismim Brayn, Brayn Anderson”, qo‘shimcha qildi hojatbaror odam.

Kampir o‘ziga kelganida Brayn mashina ostiga engashib domkrat uchun joy izlayotgan edi. Brayn shinani almashtirib, bilinar-bilinmas moy yuqqan qo‘llarini cho‘ntagidan olgan toza dastro‘moliga artdi, tizzalaganda shimiga yuqqan nam tuproqni qoqib tashladi. U eshikni ochib, kampirga o‘tirib olishiga yordamlashdi.

"Avliyo Luis mavzesidagi cherkovdan qaytayotgan edim. Siz yordam bermaganingizda, hayronman yana qancha payt bu yerda qolib ketar edim. Esim qursin, sizdan qanchaga qarzdor bo‘ldim?"

Brayn jilmaydi va bagajnikni yopdi. Kampir bu yaxshi odam to‘xtamaganida ahvoli naqadar ayanchli tus olishini tasavvur qilardi. Uning saxiyligi tutgan, hojatbaror necha pul so‘rasa berishga tayyor edi. Ammo odamlarga pul evaziga yordam berish Braynning fe’liga xos emas edi. Unga ham yaxshilik qilishgan, u ham boshqalarga yaxshilik qilishi kerak. U shunday deb hisoblar, shu vaqtga qadar ana shu qoidaga binoan yashab kelayotgan edi.

"Modomiki meni xizmatim uchun rozi ko‘rish istagida ekansiz, siz ham yordamga muhtojlarga qo‘l cho‘zing. U esa boshqalarga beminnat yordam berishga odatlansin", dedi Brayn va yuz ifodasida cheksiz minnatdorchilik zohir bo‘lgan keksa ayol mashinasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunicha ortidan qarab qoldi.

Mashinada taniga issiq yugurgan kampirning qalbi u anchadan buyon guvoh bo‘lmagan odamgarchilikdan keyin g‘alati hisga to‘lgan edi. U ancha yillardan keyin, aniqrog‘i erining qazosidan 13 yil o‘tib, bugun yana o‘zining yolg‘iz emasligini his qildi. Odamlarga yana ishona boshladi.

Sovuqdan qurigan sillasiga tetiklik bag‘ishlash niyatida pastrog‘dagi qahvaxona qarshisida to‘xtadi. Eski urfdagi stullardan biriga o‘g‘li sovg‘a qilgan sevimli sumkasini qo‘yib, boshqasiga o‘zi o‘rnashib oldi. Ofitsiant jilmaygancha kampirga yomg‘irda ivigan oppoq sochlarini quritishi uchun sochiq tutqazdi. Sochlarini quritayotib kampir ayolning homilador ekanligini, taxminan sakkiz oylik homila bilan uni ishlashga majbur qilayotgan sabablarni o‘ylay ketdi. Uning samimiy tabassumi ortida naqadar azob va ulkan bardosh borligini tushundi. Nimagadir Braynni esladi.

Keksa xonim odatiga muvofiq yengil tamaddidan so‘ng ilib qolgan qahvani ichib tugatgach, homilador ofitsiantni imladi, uning qo‘liga yuz dollarlik kupyura tutqazdi. Erta bo‘lgani bois, kassa hali yopiq edi. Ofitsiant qaytim uchun mayda pul qidirib ketdi. Qaytib kelganida esa, kampir o‘rnida yo‘q ekan. Uning mashinasi ham joyida yo‘q. Qog‘oz sochiqdagi yozuv uning diqqatini tortdi.

Uni o‘qishga kirishishi bilan ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.

"Mendan qarzdor emassan. Men ham zarur mahalda odamlardan yaxshilik ko‘rganman. Eng og‘ir mahalda odamlar umidlarini yo‘qotmasliklari uchun senga tuhfa etilayotgan muhabbat zanjirining uzilishiga yo‘l qo‘yma".

O‘sha kuni tunda garchi toliqqan bo‘lsa ham, ayolning ko‘ziga uyqu yo‘lamadi. Ishdan kech qaytadigan turmush o‘rtog‘inining kelishini kutdi. Keksa ayol keyingi oyda farzandli bo‘ladigan oilaning muhtojligini qayerdan sezganligi to‘g‘risida o‘yladi. Ich-ichidan ular yolg‘iz emasliklarini his qildi. Eshik qo‘ng‘irog‘ining ovozi uni xayollar girdobidan tortib oldi.

"Rahmat, senga Brayn Anderson! Boringga shukur! Hammasi yaxshi bo‘ladi, mana ko‘rasan, azizim!" u mashaqqatli ish kunidan qaytgan erini mana shu so‘zlar bilan qarshi oldi.

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi