UzNet - internetning O‘zbekiston qismi. Negadir, shu jumlani Uznet - internetning to‘liq o‘zbekcha qismi, deyishga botina olmaymiz. Chunki UzNetda o‘zbek tilidagi resurslar noyob. Mavjud o‘zbekcha loyihalarning deyarli barchasi UzNetda muvaffaqiyatga erisha olgan. Juda ko‘pchilik o‘zbek tilidagi loyihalar bir yildan uzog‘iga dosh bera olmaydi. Buning sabablarini alohida maqola qilib e’tiboringizga havola etish niyatimiz bor.
Lekin hozirda o‘zbek tilida ommaga tanilgan va tanilayotgan bir necha onlayn-loyihalar ham borki, ularning mualliflarini UzNet qahramonlari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tilidagi UzNetning shunday faollaridan bir nechtasi bilan suhbat qurib, ularning muvaffaqiyatli onlayn-loyiha haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik. Bugungi hamsuhbatlarimiz:
[оне_фоуртҳ] Davronbek Tojialiyev "Ziyo istagan qalblar uchun" loyihasi rahbari - ziyouz.som[/оне_фоуртҳ]
[оне_фоуртҳ] Farhod Fayzullayev Muloqot ijtimoiy tarmog‘i va Daryo nashri rahbari[/оне_фоуртҳ]
[оне_фоуртҳ] Muhrim A’zamxo‘jayev Kun.uz loyihasi muallifi[/оне_фоуртҳ]
[оне_фоуртҳ_ласт] Xushnudbek Xudayberdiyev Xushnudbek.uz va O‘zbloggerlar tanlovi tashkilotchisi[/оне_фоуртҳ_ласт]
1. O‘zNetda muvaffaqiyatli onlayn loyiha sizningcha qanaqa loyiha
Davronbek Tojialiyev: UzNetda muvaffaqiyatga erishish uchun avvalo, har bir tashkilot, muassasalarning saytlarini tashkil etish hamda ma’lumotlarni davlat tilida kiritib, muntazam to‘ldirib borishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Ikkinchidan, respublikamizdagi mavjud barcha kutubxona, muzeylarning to‘liq onlayn kataloglarini tuzib, internetda muntazam ishlashini yo‘lga qo‘yish kerak. Toki, o‘quvchi, qayerdan qanday manbani topish mumkinligini bilsin.
Uchinchidan, o‘zbek Vikipediasini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqilib, yoshlarni rag‘batlantirgan holda jalb etish kerak. Vikipedia - ochiq ensiklopediya. Toki biz O‘zbekiston haqida haqqoniy axborotlarni joylashni boshlamas ekanmiz, bu manba ham noxolis axborot maydoniga aylanib qolishi mumkin.
To‘rtinchidan, o‘zbek tilida chiqqan ensiklopediya va lug‘atlarning elektron variantini tayyorlab, internetga joylash kerak (Xuddi, Yandek slovari kabi). Toki o‘quvchi o‘ziga kerakli bo‘lgan so‘zni qiynalmay topa olsin.
Beshinchidan, mavjud onlayn kutubxonalar faoliyatini rag‘batlantirish lozim.
Oltinchidan, barcha gazeta, jurnal, byulleten va axborotnomalarning saytlari tashkil etilib, barcha maqolalari va arxivi joylanishi kerak.
Iqtisodiy tahlil yo‘nalishida juda orqadamiz. Axborot texnologiyalar borasida bir qancha o‘zbek tilidagi saytlar mavjud. Lekin o‘zimizdan chiqqan innovatsion g‘oyalar, dasturiy ishlanmalar haqida axborotlar juda kam. O‘zbek tilidagi manbalardan qidiruvchi mukammal qidiruv tizimi yo‘q. Yana o‘zbek tilida qulay foaliyat yuritadigan milliy elektron pochta xizmati hamon tashkil etilmagan.
Farhod Fayzullayev: Menimcha, Uznetda muvaffaqiyatli loyiha — bu ommaviy loyiha. Ya’ni faqat dasturchilar, doktorlar uchun mo‘ljallangan emas, balki keng ommaga mo‘ljallangan loyiha. Keng ommaga mo‘ljallangan loyihalar orasida katta raqobat bo‘lganidan keyingina tor yo‘nalishdagi loyihalar rivojlanishi mumkin, fikrimcha.
Muhrim A’zamxo‘jayev: UzNetdagi muvaffaqiyatli loyiha - bu Afisha Medianing deyarli hamma loyihalari, masalan. Ular o‘zbek tilida bo‘lganida edi, taxminimcha, bundan-da muvaffaqiyatli, bundan-da ommabop bo‘lardi.
Xushnudbek Xudayberdiyev: Muvaffaqiyatni ikki xil tushunish mumkin. Avvalo, juda ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi va internet foydalanuvchilari orasida tezda mashhur bo‘lib ketadi. Uning ketidan albatta, balki ko‘zlangan moddiy manfaatga ham osongina erishish mumkin.
Ikkinchidan, o‘sha loyiha nafaqat ko‘pchilik orasida mashhur bo‘ladi, balki ko‘pchilikka foydasi ham tegadi. Mana bu muvaffaqiyat shaxsan men uchun ustunroq. O‘zingiz o‘ylang, internetda juda mashhur bo‘lgan loyihalarning hammasi ham kimgadir foyda keltiradigan deya olmaymiz-ku. Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, muvaffaqiyatli onlayn loyiha, bu - foydalanuvchilarga foydali bo‘lgan, sezilarli darajada ko‘pchilik unga murojaat qiladigan loyihadir.
2. Sizning loyihangiz muvaffaqiyatga erishishi uchun aynan qaysi mezonlar sabab bo‘ldi va qanday qiyinchiliklarga duch keldi?
Davronbek Tojialiyev: Albatta, yaxshi narsalarga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. «Ziyo istagan qalblar uchun» loyihasi ilk bor internetga joylangan paytlarda domen va xosting to‘lovlari ancha qimmat bo‘lganligi bois (men esa stipendiyaga yashaydigan talaba edim) saytni narod.ru portali tarkibida sub-domen orqali boshqarardim.
2006 yili Ziyouz portali rasman «mustaqillikka erishdi». Turli bepul, lekin xarxashali hostinglardan qochib, mustaqil ravishda vvv.ziyouz.som nomi ostida yangidan faoliyat boshlandi. Dastlab Rossiyadan olingan xosting 50 Mb hajmda edi. Oyiga esa 1000 Mb traffik berilardi. Bu traffik esa oyning 10-15 kunida tugab qolar, qolgan kunlari sayt ishlamay turardi. Keyinchalik yana boshqa xostingga o‘tganman.
Portalda ishlash men uchun — o‘zim yoqtirgan mashg‘ulot. Shu bois 8 yildan beri portal harajatlari uchun hech kimdan moliyaviy ko‘mak olmaganman. Bu meni tarbiyalagan shu xalq uchun xolis xizmatimdir. Lekin moliya sabab bo‘lib bitmay qolgan loyihalarim ham bo‘lgan. Chunki, bir o‘zim ishlaganim bois ko‘p narsalarga ulgurolmayapman. Lekin asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, bitmay qolgan loyihalarni amalga oshirib, taqdim etishga harakat qilyapman.
Portalni dastlab tashkil etgan yillarim «bekorga vaqtingni sarflayapsan, undan ko‘ra pullik ish qilsang bo‘lmaydimi», deganlar ko‘p bo‘ldi. «Sen tengilar allaqachon mashina olib, uchastka qurdi. Sen bo‘lgang qopdek sumkangni ko‘tarib, haliyam kutubxonaning changini tozalayapsan…» deydiganlar hozir ham bor.
Farhod Fayzullayev: Aytganimdek, bizning loyihalar keng ommaga mo‘ljallangan. Albatta, jamoamiz jon kuydirib ishlamaganida bunday natijaga erisha olmagan bo‘lar edik. Asosiy qiyinchilik — kadrlar muammosi. Mas’uliyatsizlik katta muammo.
Muhrim A’zamxo‘jayev: Agar tashqaridan Kun.Uz muvaffaqiyatga erishgandek ko‘rinayotgan bo‘lsa, demak, rostan ham muvaffaqiyatga erishibdi. Lekin hali qilinadigan ish juda va juda ko‘p va bu kamtarlik yo‘lida aytilayotgan gap emas aslo.
Kun.Uz’ning hech qanday siri yo‘q - bu yerda mehr bilan ishlash samarasi, yaqinlarning ko‘ngil ko‘taruvchi va umid baxshlovchi so‘zlari, ustozlarning o‘rinli tanqid-tanbehlari bor, xolos. Eng asosiysi, umid va mehr bilan qilingan mehnat.
Xushnudbek Xudayberdiyev: Eng avvalo qiyinchiliklarga kelsak, vaqt muammosini eslamasam bo‘lmaydi. Mazkur ikkita loyiha o‘z navbatida ko‘p vaqt talab qiladi, buni ajratish uchun esa har doim imkonim bo‘lavermaydi.
Shuningdek, qo‘llab-quvvatlash borasida dastlab kichik muammolarga duch keldik. Ya’ni loyihalarga boshida hamma ham ishonch ko‘zi bilan qaragani yo‘q. Bunday ishonchsiz nigohlar hozir ham bor, albatta.
Uchinchidan, moddiy qiyinchiliklar ham bo‘ldi.
[ҳигҳлигҳт солор="блуе"]Mavzuga aloqador "Biznes qilmoqchiman, lekin pulni qayerdan olaman?"[/ҳигҳлигҳт]
>Endi muvaffaqiyatga qanday mezonlar sabab bo‘lgani haqida fikr bildirar ekanman, bu borada aniq biron javob bera olmayman. Sababi, mazkur loyiha qay darajada muvaffaqiyatga erisha olganiga hozir baho berolmayman. To‘g‘ri, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi, lekin bu “ko‘pchilik” ba’zi loyihalarda ishtirok etayotganlar soni oldida dengizdan tomchi. Demak, hali qilinmagan ishlar bor. Eng asosiy mezon, menimcha, ortga chekinmasdan, faqat olg‘a borish.
3. Loyihalaringizni hozirgi kundagi va kelajakdagi rejalari qanday?
Davronbek Tojialiyev: Rejalar ko‘p. Audiokitoblar loyihasi uchun ham bir qancha kitoblar tayyorlab qo‘yganman. Imkoniyatga qarab, sekin-asta joylab boryapman.
Yana o‘zbek shoir va yozuvchilarining fotojamlanmasi uchun ham manbalarni yig‘ib qo‘yganman. Yaqinda, inshaalloh, taqdim etishga chog‘lanayotganim "O‘zbek nasri onlayn antalogiyasi"dir. Undan o‘zbek adabiyotidagi eng birinchi hikoya, qissa, roman va dramalardan tortib, sevimli yozuvchilarimizning eng sara asarlarigacha o‘rin oladi. Har bir ijodkorning tarjimai holi, asarlari kiritiladi. Yana ozroq ishlari qoldi. Ularni bitirib olgach, xudo xohlasa, taqdim etaman.
Shuningdek, «Jahon nasri», «O‘zbek mumtoz she’riyati», «Zamonaviy o‘zbek she’riyati», «Jahon she’riyati» onlayn antalogiyalarini ham tuzib, xalqimizga taqdim etish niyatim bor. Yana «Adabiy suhbatlar», «Dastxat», «Kitob javoni» loyihalarini o‘ylab qo‘yganman. Alloh nasib qilsa, ushbu loyihalar ham xalqimiz uchun foydali manbaga aylanadi, degan umiddaman.
Farhod Fayzullayev: Hozir sekin-sekin mobil kontent, mobil kliyentlarga ko‘proq urg‘u beryapmiz. Saytlarimizning mobil versiyalari mavjud edi, yaqinda mobil kliyentlarini ham chiqardik. Hozir “Daryo” dasturidan kuniga 10—13 ming tashrif (visit)lar amalga oshirilmoqda. Buni ko‘rib kelajakda mobil yo‘nalish asosiy yo‘nalish bo‘lishiga ishonaman
Muhrim A’zamxo‘jayev: Juda ko‘pchilik tongni Kun.Uz bilan boshlashi - bizning maqsad. Bu borada aynan qandaydir raqamni aytish qiyin, lekin qancha ko‘p odam kunni Kun bilan boshlasa, shu bizning mehnatimizga rag‘bat.
Reja - ishlash va yanada ko‘proq ishlash. Yaqin orada loyihada fotosuratlar bilan bog‘liq loyihalar ko‘payishi kutilmoqda. Hozircha, shu.
Xushnudbek Xudayberdiyev: O‘zBloggerlar chempionatining ikkinchi mavsumini tashkillashtirish harakatida yuribmiz. Umuman o‘zbek blogsferasini ham son, ham sifat bo‘yicha yanada kengaytirishni xohlaymiz.
Xushnudbek.uz saytida ham bir qator yangi loyihalar qilish niyatim yo‘q emas. Hozirda o‘sha loyihalarning ikkitasi amalga oshmoqda. Bu Abituriyent-2014 va JCh-2014 Viktorinasi. Qolganlari haqida vaqti kelib xabar topasiz, albatta.