Mulohaza uchun mavzu

Ust-boshingizga qarab muomala qilishganmi?

2008 yilning avgust oyi. Turkmenskiydagi Korzinka do‘konimizning ochilishidan bir kun avval jinsi va maykada, ust-boshim changga botib xodimlarimiz bilan birgalikda mahsulotlarni peshtaxtalarga taxlash bilan ovora edik. Har doimgidek, istalgan dedlayn oldidan bo‘lgani kabi ishimiz boshimizdan oshib yotardi. O‘sha damda yumushlarga shunchalik sho‘ng‘ib ketibmizki, hatto kech kirib qolganini ham sezmabman. Biroz o‘tib ukam Alisher ham mayka va eskiroq jinsilarida bizga yordam berish uchun keldi. Meni ko‘rib:

- Ertaga ertalab ochilish marosimi bo‘ladi. Menimcha, sochlaringizni biroz kaltalatish kerak, dedi. - Ha-ya, yodimga solganing uchun rahmat. Ertalab borib kelmoqchi edim, chalg‘ib qolibman. Hozir qaysi sartaroshxona ochiq bo‘lishi mumkin? - Shu yerda qayerdadir bor edi. Yuring, siz bilan birga borib kelaman.

Sartaroshxonaga piyoda yo‘l oldik. Yetib kelib ichkariga kirganimizda dahliz oxirida resepshn joylashgan bo‘lib, uning yonidagi divanda uch yoki to‘rt nafar sartarosh yastanib olib suhbat qurardi. Ular nimanidir gapirib baland ovozda kulishardi. Bizni kutib olish u yoqda tursin, hatto qayrilib ham qarashmadi. Balki sizda ham shunday holat bo‘lgandir, ya’ni o‘zingizni bir zum ko‘rinmas odamdek his etgandirsiz.

- Bu yerda soch oldirsak bo‘ladimi, - deya qabulxonada turgan qizning diqqatini jalb qilmoqchi bo‘ldim. - Nima kerak edi sizga? – mensimasdan gapirayotgani yaqqol sezilib turardi. - Sochimni oldirmoqchi edim, - javob berdim. - Bizda faqat qaydnoma orqali yozilish mumkin. - Yozib oling unda. - Faqat telefon orqali yozib olinadi, - qiz ham bo‘sh kelgisi kelmasdi. - Go‘shakni oling va sizga qo‘ng‘iroq qildim, deb hisoblang va yozib oling. To‘satdan paydo bo‘lib qizg‘in suhbatlarining go‘yoki “beliga tepishimiz” divanda o‘tirgan sartarosh-ustalarga yoqmagani aniq edi. Ular bizni zimdan yovqarash qilib kuzatar edilar.

Shu onda qabulxonadagi qiz fikrini jamlab qat’iy ohangda:

- Narxlarimiz sizlarga qimmatlik qiladi, - dedi.

Alisher ikkimiz bir-birimizga qarab xulosa qilar ekanmiz, unga yuzlandik: - Uzr, siz haqsiz. Bizga qimmatlik qilar ekan. Balki yanagi safar kelarmiz...

Shu alfozda biz yengil bir tin olib, sartaroshlarning iljayib kuzatishidan qutulib u yerni tark etdik.

Do‘konga yetib borguncha biror so‘z demadik. Keyin esa qaysidir onda ikkimiz ham birdaniga bir-birimiz tomonga burilib bir vaqtning o‘zida to‘xtamasdan bu juda muhim dars bo‘lganini gapira ketdik.

“Kiyimiga qarab muomala qilish” eng yomon ibora va eng nojoiz illat. Bu xulosa savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boradigan insonlarning, umuman, o‘zini hurmat qilgan har bir insonning qon-qonigacha singgan bo‘lishi kerak.

Ayni o‘sha vaqtdan boshlab korzinka.uz tarmog‘ining asosiy qonun-qoidalar bo‘limiga:

“Yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqei, irqi, e’tiqodi, millati, tashqi ko‘rinishi va boshqa xususiyatlaridan qat’iy nazar, har bir xaridor tarmog‘imizda eng yuqori darajadagi xizmatlardan birdek foydalanish huquqiga ega”, degan bandni kiritdik.

Zafar Xoshimov