"Agar mashaqqatlarni tajriba deb bilsang, bu tajribalar senga muvaffaqiyat keltiradi", degan edi jamoat arbobi Jon Miller. Uning fikri xato bo‘lganida, bir vaqtlar meshkoblik qilgan qahramonimiz kun kelib jahonning eng muvaffaqiyatli kishilari qatoridan joy olmagan bo‘lar edi.
Keling, hammasini boshidan boshlasak. Useyn Bolt – qisqa masofada yugurish bo‘yicha 9 karra Olipiada, 11 karra jahon chempioni, 8 karra jahon rekordsmeni, 100 dan oshiq boshqa nufuzli chempionat va musobaqalar g‘olibi. Useyn sprinter, ya’ni yaqin masofaga yuguruvchi sportsmen sifatida faoliyatini juda erta, hali shunday sport turi borligini anglamagan bolalik davrida boshlagan. Uzun-uzun qo‘l-oyoqli Useyn otasining topshirig‘iga ko‘ra, Yamaykaning Treloni hududidagi bepoyon shakarqamish plantatsiyalarida ishlayotgan xizmatchilarga suv tashir edi. Quyoshning o‘tkir tig‘i ostida bir necha mil yo‘l bosib odamlarga obi hayot olib borish, ulardan rahmat eshitish Useynning ruhini ko‘tarar, u tinmay uy va dala o‘rtasida qatnab, suv idishlarini ko‘targancha bor kuchi bilan chopar edi.
"Jahonning eng chopqir jonli-mashinasi" 1986 yilning 21 avgustida Yamayka shimolidagi kichkinagina Shervud qishlog‘ida tug‘ilgan. Yoshligidan juda faol va beqaror bo‘lgan bolakay akasi bilan kriket o‘ynar, kriket koptokchasi o‘rnida apelsindan foydalanishar edi.
Maktabda esa ingliz tili va matematika bo‘lajak yengil atletika yulduzining sevimli fanlari bo‘lgan. Uning yugurishdagi tezkorlik salohiyati maktabdagi kriket o‘yinlarida yengil atletika bo‘yicha trener Pablo Makneylning diqqatini tortdi.
Boltning "muvaffaqiyat hikoyasi" 2002 yilda, 15 yoshligida Yamaykada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati musobaqalaridagi g‘olibligi bilan boshlangan. 15 yoshli o‘smirning oltin medalni qo‘lga kiritishi nafaqat Yamayka, jahon sport tarixida kutilmagan voqea bo‘ldi. Mazkur musobaqada u 4×100 metrga va 4×400 metrga yugurish estafetalarida chempionatning kumush medalini ham qo‘lga kiritgan.
2003 yilda esa Useyn Yamayka maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etib, 200 (20,25 soniya) va 400 (45,3 soniya) metrga yugurish bo‘yicha rekord natija qayd etib, g‘olib bo‘ladi. Ko‘p o‘tmasdan sprinter xuddi shu masofada 26 ta Karib dengizi mamlakatlarining 20 yoshgacha bo‘lgan yengil atletikachilari orasida tengsiz ekanini isbotlab, CARIFTA sport o‘yinlarida 200 (22 soniya) va 400 (23 soniya) metrga yugurish bo‘yicha yangi rekordni o‘rnatdi, shuningdek, 4x100 i 4x400 metrga yugurish estafetalarida ham chempion bo‘ldi.
Shu yilning iyul oyida esa yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 200 metrga yugurish bo‘yicha yangi rekord (20,40) o‘rnatadi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Useyn Bolt Panamerika yoshlari o‘rtasidagi chempionatda 200 metrga yugurish musobaqalarida finish chizig‘ini 20,13 soniyada kesib, yangi rekord muallifi bщlgan. Bu rekordni shu vaqtga qadar hali hech kim yangilagani yo‘q.
2004 yildan Useyn Bolt taniqli murabbiy Fitsa Koulmen qo‘l ostida mashq qila boshlaydi. Shu yilning aprel oyida o‘tgan navbatdagi CARIFTA Games chempionatida yoshlar o‘rtasidagi 200 metrga yugurish bo‘yicha musobaqalarida u finish chizig‘ini 19,93 soniyada kesib, 1985 yilda amerikalik yengil atletikachi Roya Martin o‘rnatgan rekordni yangiladi. Va, Useynning rekordi ham ancha yillar o‘tib, 2014 yilda yangilangan.
[caption id="attachment_13139" align="alignnone" width="881"] Useyn g‘alabasini shunday nishonlaydi.[/caption]
Useyn 2004 yilda Afinada o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etib, jarohati tufayli biror natija ko‘rsata olmaydi.
2008 yilga qadar turli chempionat va musobaqalrda g‘oliblik shohsupalariga ko‘tarilgan Bolt shu yilning 31 mayida Nyu-Yorkda o‘tgan musobaqalarida 100 metrga 9,72 soniyada yetib kelib, yangi jahon rekordini o‘rnatadi.
Useyn Bolt 2008 yilda Pekinda o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi. U 16 avgust kuni 100 metrga yugurish bo‘yicha musobaqada 9,69 soniya bilan yagi jahon rekordini o‘rnatadi va oltin medalni qo‘lga kiritadi. 20 avgust kuni esa 200 metrga 19,30 soniya natijasi bilan yetib kelib, bu yo‘nalishda ham jahon rekordini o‘rnatadi va 2-oltin medalga ega bo‘ladi.
4×100 metrga yugurish bo‘yicha estafetada esa chopag‘on qahramonimiz 37,10 soniya natijasi bilan Olimpiya va jahon rekordini o‘rnatadi va Pekin Olimpiadasidagi 3-oltin medalini qo‘lga kiritadi.
2012 yilda Londonda o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ham yuqoridagi yo‘nalishlarda 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritadi.
Ayni damda Braziliyada o‘tayotgan Rio-2016 31-Yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham Bolt uchinchi marotaba 100, 200, 400 metrga yugurish bo‘yicha oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
U so‘nggi 3 ta Olimpiada o‘yinlarining har birida 3 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan, 2009 yilda 9.58 soniyada 100 metrni, 19.19 soniya bilan 200 metrni bosib o‘tib rekord o‘rnatgan tengi yo‘q chopqir.
Endi bir oz ortga qaytamiz. Ha, o‘sha – plantatsiyalarda suv tashib yurgan bolalik davriga. Mehnatkashligi, oqko‘ngilligi, odamlarga yaxshilik ulashish fazilati uni jahonning eng nufuzli – Olimpiada arenalariga boshlab borgan edi. Useyn Bolt mana shunday buyuk natijalari bilan uni olqishlayotgan millionlab muxlislari qarshisida sportdagi faoliyatiga yakun yasamoqda. Uning Rio-2016'da musobaqa jarayonidagi tabassumi, ijobiy kayfiyatini boshqa biror sportchida uchratib bo‘lmaydi.
"Men sportga maftunkorlik olib kirishga va odamlarni sportga qiziqtirishga harakat qildim, jahonga o‘zimning naqadar kuchli ekanimni isbotlay oldim, xolos. Boshqa hech narsa qilganim yo‘q", deydi Useyn Bolt.
U jahonga mehnat, tinimsiz harakat, mashaqqatlar muvaffaqiyatning onasi ekanligini yana bir bor eslatib, sportni tark etmoqda. Uni olqishlayotgan millionlab insonlar miyasida kechayotgan fikr esa yagona: "Useyn Boltsiz poyga yo‘lkalari zerikarli tus oladi va biz bu "tabassum qiroli"ni sog‘inamiz!"
Shuhrat Sattorov, jurnalist.