Bilasizmi?

Uchar ketmon muallifi: Kompyuter sohasida chalasavodman

Uchar ketmon - sevimli kinofilmlarimizdan iqtiboslarga boy, milliy uslubda ishlangan birinchi o‘zbekona mobil o‘yin. O‘yin shunchalik muxlislarga ma’qul bo‘ldi-ki, u qisqa vaqt ichida O‘zbekistonlik iPhone egalari tomonidan eng ko‘p yuklab olinayotgan o‘yinga aylandi. Kuni kecha esa Android uchun mo‘ljallangan versiyasi ishlab chiqildi.

Biz mazkur o‘yinning muallifi Akmal Sharipov bilan bog‘landik va bizni qiziqtirgan savollarga javob olish maqsadida suhbat qildik.

Akmal aka, assalomu alaykum. Erkak.uz bilan suhbatlashishga rozilik bildirganingiz uchun rahmat.

Voalaykum assalom, bag‘oyat xursandman. Bu imkoniyat uchun sizga ham rahmat.

Avvalambor o‘quvchilarimizga o‘z haqingizda ikki og‘iz gapirib bersangiz?

Men aslida toshkentagi Jahon Tillari Universitetida Ingliz filologiyasi fakultetini tugatganman. Men Axborot Texnologiyalari bo‘yicha hech qanday ta’lim olganim yo‘q, ammo O‘zDJTUda o‘qiyotgan paytlarimda akam menga bir dona kompyuter olib bergan. Shu kompyuterni ishlatishni o‘rganmoqchi bo‘ldim-u, shu bilan berilib kettim. Mana endi, hozirda men Amerikadagi bir komputer shirkatida ishlayapman.

"Uchar ketmon" mobil o‘yinini qilish fikri sizda qanday paydo bo‘ldi?

Aytganimdek, mening kompyuterlarga ishtiyoqim oshgan sari, qo‘limdan kelganicha darslar, dasturlar o‘qishni boshladim. Mening oxirgi olgan darslarimdan birida istagan mashxur mobil ilovani boshqattan yasash vazifasi berilgan edi. Menga "Flappy Bird" o‘yini yoqqanligi uchun shuni tanlagan edim. Akamlar bilan maslaxat qilgan edim, ular 15 yildan beri Amerikada yashasalar ham, hali hali o‘zbekligidan g‘ururlanadigan insonlardan. Akamning menga maslahati, “Sen shunday o‘yin yasashing kerakki, chet elliklar bu o‘yin haqiqatdan ham O‘zbekona ekan, deyishsin” - degan gapi bo‘ldi.  O‘zbekona filmlarimizning birida o‘zbeklarimiz ketmon ustida uchar edi, shu sababdan uchar ketmonni tanladik.

O‘yinning mashhur bo‘lib ketishiga qanday omillar sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

Bilasiz-mi, aslida men bu o‘yinni ommaviy bo‘lib ketishini xayolimga ham keltirmagan edim. Bu o‘yinni men olayotgan darsimning nihoyasi, oxirgi imtixon sifatida yasagan edim. Undan maqsad faqat bir-ikki do‘stlarim bilan o‘ynab, xatolarini topish bo‘lgan edi. Lekin bu o‘yinni o‘ynab ko‘rgan o‘zbek do‘stlarimga yoqqani uchun, ular ham o‘z tanish bilishlariga yuboribdi shekilli, shu bilan 2 kun ichida mashhur bo‘lib ketdi. Va yana eng muhimi, haqiqiy Flappy Bird o‘yinini o‘ynab ko‘rgan bo‘lsangiz, yutqazganingiz sari asabingiz buziladi. Uchar ketmonda esa, odamlar yutsa ham yutqazsa ham, o‘yinning ovoziga/iqtiboslariga ishtiyoqmand bo‘ladi.

Uchar ketmonning o‘zbekistonlik mobil telefon foydalanuvchilari orasida juda mashhur bo‘lib ketishi  sizga moliyaviy tarafdan qandaydir foyda keltirdimi?

Yo‘q, bu o‘yin bepul bo‘lgani uchun undan hech qanday moliyaviy foyda yo‘q. Uni pullik qilish bizning xayolimizga ham kelmagan. O‘yinni harkim tekinga yuklab olib o‘ynashi mumkin.

O‘yinning g‘oyasi albatta yangi emas, o‘tgan yili ’Flappy Bird" o‘yini ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Undan tashqari sizning o‘yiningizda turli xil tasvirlar ishlatilgan. Sizda mualliflik huquqi masalasida muammolar bo‘ldimi?

Aytganimdek, bu o‘yinni milliy qilish maqsadida, google orqalik qo‘limga tushgan bepul (royalty freye) rasmlarni topib qo‘ygan edim. Lekin hozir bu o‘yin bunchalar mashhur bo‘lganidan keyin, endi yangidan o‘zim rasmlarni chizib, ovozlarini o‘zim yozdirib o‘yinni yangilashga tayyorgarlik qilayapman.

O‘yinni yangilamoqchiligingiz haqida aytdingiz, "Uchar ketmon"dan kelajakda yana nima kutsak bo‘ladi?

Bu o‘yinimizni endi yanada qiziq/kulgilik qilish rejalarim bor. Yangi update ustida ishlayapman.

Uchar ketmondan tashqari yana qanday loyihalarni rejalashtirgansiz?

Juda o‘rinli savol! Bilasizmi, men Uchar Ketmongacha bir narsani hech ham o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bizda milliy, O‘zbekona mobil o‘yinlar umuman yo‘q ekan! Uchar ketmon yakkayu yagona o‘zbek tilidagi o‘yin bo‘lib qoldi. Va uning bunchalik mashxur bo‘lishidan shuni tushunib yettim-ki, bizning o‘zbeklarimiz shunday o‘zbekona o‘yinlarga chanqoq ekan. Mana endi bundan buyon shunga o‘xshagan o‘yinlaru, mobil ilovalar yaratish re’jalari ko‘p. Hozir men va akam yangi o‘zbekcha 2048 o‘yini ustida ishlayapmiz.

O‘zbekcha mobil dasturlar tuzmoqchi bo‘lgan dasturchilarimizga qilgan dasturlari ommaviylashishi uchun nima maslahatlar berasiz?

Mening ota-onam doimo “Odam qilgan ishni-odam qiladi” deb ta’kidlab kelishgan. Aytmoqchi bo‘lganim, agar mendek komputer sohasida “chala-sovod” odam Uchar Ketmonday o‘yinni yasay olgan bo‘lsam, biling-ki O‘zbekistondagi dasturchilar ham, bundan-da yaxshi o‘yinlar va boshqa mobil ilovalar yasay oladilar! Buning uchun faqatgina harakat qilish kerak!

Akmal aka, vaqt ajratib biz bilan suhbat qilganingiz uchun sizga katta rahmat. Bundan keyingi ishlaringizga omad. Yangi qiziqarli o‘yinlar va mobil ilovalarni kutib qolamiz.

Akmal Sharipovga sizni qiziqtirgan savollaringizni quyida ’fikr qoldirish' qismida undan so‘rashingiz mumkin.