Sof.uz saytiga urganchlik blogerdan maktub keldi. Unda yozilishicha, mahalliy o‘qituvchilarga 10 ming so‘mdan konsert chiptasi sotilmoqda. Sotib olish majburiy, tazyiq ostiga tushmaslik uchun ham o‘qituvchilar chipta sotib olishi kerak. Undan tushgan mablag‘ obod mahalla uchun sarflanishi aytilmoqda.
Mahalliy konsertlarga majburan chipta sotilishi tez-tez uchrab turadi, ammo obod qishloq uchun davlat dasturi qabul qilinib, alohida mablag‘ ajratilayotgan bir paytda konsert uyushtirib, o‘qituvchilardan pul yig‘ilishi ilgari kuzatilmagan holat. Bu hol kishida “o‘qituvchilarning puliga davlat qarab qolibdimi?” degan tasavvurni uyg‘otadi.
Chipta fotosuratini urganchlik bloger maktubiga ilova qildi. Undan 7 iyun kuni Urganchdagi “Avesto” amfiteatrida “Obod qishloq – obod yurt” shiori ostida xayriya konserti o‘tkazilayotganligini bilib olish mumkin.
O‘tgan yilning dekabr oyida samarqandlik talabalarga “ma’naviyati yuksalishi uchun” Xorazmdagi teatr chiptalari sotilgan edi.