Bilasizmi?

Toshkentda metallni qayta ishlashga ixtisoslashgan yuqori texnologiyali zavod ochiladi

12 iyul kuni Toshkent shahrida metallni qayta ishlashga ixtisoslashgan yuqori texnologiyali «MetalProcessing» MChJ zavodining ochilishi bo‘lib o‘tadi. "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi, deb yozadi Kun.uz.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi hukumati, "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa idoralarning qo‘llab-quvvatlashi ostida amalga oshirilmoqda.

"O‘zbekistonda metallni qayta ishlashga doir loyihani ishga tushirish tekis metall ishlab chiqarish yangi davrining boshlanishini bildiradi. Bu - nafaqat respublikada Rieter mashinalarini mahalliylashtirish sari muhim qadam, balki O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi zamonaviy metallni qayta ishlash sanoati rivojiga muhim hissa hamdir", - deyiladi "O‘zto‘qimachiliksanoat"da.

Mahalliylashtirish dasturini ijro etish va "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi importini qisqartirish maqsadida Rieter AG kompaniyasi bilan hamkorlikda Shveysariya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil qilinmoqda. Delegatsiyaga Shveysariya Federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Iogann Shnayder-Amman boshchilik qiladi.

O‘zbekiston tomondan yangi zavod ochilishida Vazirlar Mahkamasi, "O‘zto‘qimachiliksanoat" assotsiatsiyasi, Iqtisodiyot vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.