O‘zbekiston Prezidenti «Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.
Qarorda qayd etilishicha, poytaxtda xizmatni o‘tashni tashkil etish amaliyotini o‘rganish sutkaning kechki va tungi vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mavjud kuch va vositalarini taqsimlashning yetarli darajada samarali emasligini ko‘rsatdi hamda bu poytaxtda kriminogen vaziyatga tezkor ta’sir ko‘rsatish, uni nazorat qilish va baho berish imkonini bermayapti. Ushbu vaqtda huquqbuzarliklar umumiy sonining yarmidan ko‘pi, ayniqsa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilayotganligi ham bundan dalolat beradi.
Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligini oshirish, sutkaning kechki va tungi vaqtida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ularning yaqin hamkorligini tashkil etish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oliy sudi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimiga quyidagilarni nazarda tutadigan «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasini eksperiment tariqasida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi:
Soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimini tashkil etish;
Ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to‘liq amalga oshirish, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o‘n olti soat davomida ularni bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish;
Huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan yetib borishini ta’minlash.
Patrullik qilish uchun biriktirilgan hududda jamoat tartibini buzish holatlari mavjud emasligi, ularning o‘z vaqtida oldi olinishi va ularga chek qo‘yilishi sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan jamoat tartibini ta’minlash kuchlari faoliyatini baholashning eng muhim mezonlari hisoblanadi.
Sutkaning kechki va tungi vaqtidagi faoliyat jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining va jalb etilgan davlat organlari bo‘linmalari shaxsiy tarkibining yaqin hamkorligida tashkil etiladi. Jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida avtomobillarda patrullik qilish aralash tartibda, ya’ni ham avtomobillarda, ham piyoda amalga oshiriladi.
Sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borishga jalb etilgan jamoat tartibini ta’minlash kuchlari va davlat organlari shaxsiy tarkibining faoliyati davriy ravishda sutkaning kunduzgi vaqtidagi ish bilan almashtirib turiladi. Konsepsiyani amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va aloqa mobil markazlarining faoliyat yuritishi amaliyoti joriy etiladi va ular ichki ishlar bo‘limlari xizmat ko‘rsatish hududlariga biriktiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari lavozimlari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlariga o‘zgartiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Toshkent shahrining har bir mahallasida «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. Ushbu guruhlar tarkibi muddatli harbiy xizmatni o‘tash niyatida mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar va ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi.
2018 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga har oylik ish yakuni bo‘yicha patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yganligi, ularni aniqlaganligi yoki fosh etganligi, shuningdek, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlaganligi uchun lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi o‘rnatiladi.