Yangi uyga ko‘char mahali Tomas bolalik uyining har qarichini ko‘zdan kechirdi. Xizmatkorlardan o‘ziga qadrdon jihozlarni mashinaga avaylabgina yuklashlarini iltimos qildi. Bolaligida kiyimlari saqlangan shkafning yuqorisidan onasining sevimli qizil g‘ilofli jomadoni chiqdi. Tomas uni ehtiyotkorlik bilan stol ustiga qo‘yib, ochdi. Onasiga tegishli buyumlar orasidan chiqqan sarg‘ish qog‘ozni oldi. Maktub ostiga uning muallimasi imzo chekkan ekan. Bu imzo Tomasga onasi bilan bog‘liq xotirani eslatib yubordi.
U paytda Tomas birinchi sinfda o‘qir edi. O‘sha kuni u muallima unga bergan, onasiga berishi zarurligini tayinlagan maktubni volidasiga keltirib berdi. Xatga ko‘z tashlayotgan onaizorning g‘amgin ko‘zlarida yosh aylandi, so‘ng farzandini bag‘riga oldi.
“Muallimam nima deb yozgan ekan?” qiziqib so‘radi o‘g‘il onasidan.
“U seni o‘ta qobiliyatli ekaningni, bu maktab senga to‘g‘ri kelmasligini aytib, mendan seni biror nufuzli maktabga o‘tkazishimni so‘rabdi,” ona jilmayishga harakat qilib javob qaytardi.
Jomadondan topilgan, vaqt urintirib qo‘ygan maktubni Tomas o‘qib hayratga tushdi.
“Sizning o‘g‘lingiz ruhiy kasal. Iltimos, uni ixtisoslashgan boshqa biror maktabga joylashtirsangiz. Hurmat bilan muallima.”
19 va 20 asrning tengsiz daholaridan biri Tomas Edisonning kipriklari bexosdan namlandi. Onasining qanchalar oqila ayol bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘lib, volidasini duo qilib, go‘zal taqdiri uchun undan minnatdor bo‘ldi.
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi