Bilasizmi?

The Telegraph: “O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 11 sabab”

Buyuk Britaniya va jahonning nufuzli The Telegraph gazetasi 8 iyun kuni "O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 11 sabab" sarlavhali maqolani chop etdi. Sayohatchi yozuvchi Heyzel Plash tomonidan yozilgan maqola 8 iyun kuni Misr samolyotining yurtimizda favqulodda qo‘nishi dunyo diqqat-e’tiborini O‘zbekistonga qaratilishiga sabab bo‘lgani bilan boshlanadi.

Maqolada O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim bo‘lagi sifatida tilga olinib, O‘zbekistonning Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlari bu savdo yo‘lining ahamiyatli markazlari bo‘lgani, shaharlarning yalt-yalt bo‘y cho‘zib turgan minoralari, salobatli gumbaz va ko‘zni sehrlaydigan qadama naqshlarining shukuhi g‘oyatda puxtalik bilan qadimiy holatda saqlab qolingani qayd etiladi.

Toshkent – O‘zbekiston poytaxti 1966 yilgi zilziladan so‘ng qayta bunyod etilgan. Shahar 12 asrga tegishli masjidlar va klassik rus arxitekturasining noyob namunalari bo‘lgan binolar uyg‘unligida go‘zal manzara kasb etgan.

Devorli shahar – Xiva tirik muzey timsoli. U YuNESKO muhofazasiga olingan. Buyuk Ipak yo‘lining markaziy savdo shaharlaridan bo‘lgan Xiva milodning 6 asrida bunyod etilgan bo‘lib, boshi-ketini bilib bo‘lmaydigan uzun ko‘chalarni to‘ldirib turgan go‘zal va hashamdor ibodatxonalar, maqbara hamda madrasalar ajib mahorat bilan qayta tiklangan.

Ayniqsa, turmush qurayotgan kelin-kuyovlarning jonli feruza koshinlar ostida suratga tushishi, o‘yin-kulgu qilishi an’anaga aylangan. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab kulolchilik buyumlaridan  tortib mo‘ynali bosh kiyimlari kabi esdalik sovg‘alari sotadigan do‘konlar tizilgan.

Kechki beshlardan so‘ng mahalliy sayyohlar sizga  osoyishtalik bag‘rida shaharni qayta kashf etish imkonini berib, uy-uylariga yo‘l oladilar. Xiva ko‘chalarida o‘ynoqi qaldirg‘och tobora botib borayotgan quyosh nurlarini qidirib pastlab uchayotgan, pushti samo ostidagi loy devorlar kamalak rang tusiga kirgan oqshom mahalida sayr qilish yanada fayzli.

O‘zbekona nikoh to‘ylari tarixiy qadamjolarga tashrif bilan boshlanadi. Kelin-kuyovning bir guruh qarindosh-urug‘lardan iborat to‘y navkari va  suratga olish jamoasining bayramona kayfiyatda yurganiga har qadamda guvoh bo‘lish mumkin. Mahalliy sayyohlarning xorijlik mehmonlardan ham ko‘proq ekani ajnabiylarga yanada xotirjamlik va maroq bag‘ishlaydi. Oq zarhal kiyimdagi kelinchakning 10 asrga mansub yorqin minora qarshisida suratga tushish uchun hozir bo‘lishi boshqa bir yerda ko‘rish mahol bo‘lgan betakror manzaradir.

O‘zbekistonda manzilga yetish yanada oson. Ipak yo‘li davridagi tuyalar orqali sayohatdan farqli o‘laroq mamlakatda transport tizimi takomillashib, sayyohlar o‘zlariga mos usulda sayohat qilishlari mumkin. O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab qisqa va arzon parvoz reyslari, tezyurar poyezd va boshqa transport qatnovi amalga oshiriladi. O‘zbekistonning barcha shaharlarida taksi va avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Toshkentda zamonaviy va g‘oyatda go‘zal metro mavjud. U yer ayol yo‘lovchilar uchun ham xavfsiz.

Ajnabiy sayyohlarga nisbatan yoqimsiz e’tibor O‘zbekistonga xos emas. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan farqli ravishda bu yerda sayyohning fikri va munosabati mahalliy aholi tomonidan qattiq hurmat qilinadi. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda sayyohlar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ham ko‘ngilni xotirjam qiladigan darajada juda past. Mahalliy aholining 90 foizi musulmon. Ammo bu yerda ayollar paranjida yurishmaydi, gender tengligi yuqori darajada ta’minlangan.

To‘g‘ri, ehtimol siz bu yurtni xaritadan topishga qiynalarsiz. Lekin, O‘zbekistonga sayohatdan so‘ng boshqalarga hech ikkilanmasdan ushbu tinch va osoyishta mamlakat bo‘ylab kezishni tavsiya qila boshlaysiz.

Temur va uning avlodlari Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlarini eng ko‘rkam manzillarga aylantirish maqsadida imperiyaning barcha hududlaridan eng yaxshi koshinkor usta, rassom va me’morlarni bu yerlarga chorlaganlar. Bugun ham tarixiy bozorlarni esga soluvchi qadamjolardan mohir hunarmandlarning kulolchilik asarlari, kashta va ipak kiyimlari, musavvirlik ishlarini xarid qilish mumkin.

Toshkent, Buxoro Yevropa shaharlari kabi xilma-xil madaniyat hamda manzaralarga boy kosmopolit shaharlar: ko‘llar yonboshidagi dam olish maskanlari, landshaftli jamoat parklari, diqqatga sazovor joylardagi qahvaxonalar sayyohni yanada zavqlantiradi.

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi va tahriri