U shunday gormonki, erkaklardagi kuch-quvvat, muvaffaqiyat, ijodkorlik, jinsiy faollik, xullas, kuchli jins vakillari hayotining barcha jabhasida bevosita va bilvosita ishtirok etadi. Ushbu gormon ayollarda ham uchraydi, biroq juda ham oz miqdorda.
Uyqusizlik, depressiya, mushaklar massasining kamayib ketishi, anemiya (kamqonlik), terining quruqshab ketishi, qorin qismida ortiqcha yog‘larning to‘planishi, jinsiy zaiflik va o‘zini yomon his etishi kabi omillar qonda testosteron gormonining kamayib ketganidan dalolat beradi. Aqliy salohiyatning sustlashuvi ham qondagi testosteronning kamayganidan yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas. Bu kabi alomatlar sezilsa darhol shifokor ko‘rigidan o‘tish, testosteron tahlili uchun qon topshirish maqsadga muvofiq.
Bir qancha sabablarga ko‘ra ushbu gormon miqdori kamayib ketishi mumkin. Masalan, psixologik jarohatlar, me’yoridan ortiq alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish, yog‘li nosog‘lom taomlar (fast fud singari) hamda tarkibida ko‘p miqdorda kofein va xolesterin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish. Shuningdek, jinsiy a’zolarning jarohat olishi yoki kamharakatlilik (uzoq muddat o‘tirib ishlash), yoshga oid o‘zgarishlar ham qonda testosteronning kamayib ketishiga xizmat qiladi.
Mazkur gormon erkaklar hayotida qanchalik muhim o‘rin tutsa, uning haddan ziyod ko‘payib ketishi ham shunchalik zararli. Bunday paytda erkaklarda tajovuzkorlik, ortiqcha tuklarning haddan ziyod o‘sib ketishi, yuzda yiringli hunsbuzarlarning ko‘payishi, ayrim hollarda esa o‘z joniga qasd qilishga moyillik oshib ketadi. Bu kabi noodatiy alomatlar ham tezda shifokor qabuliga borish zarurligidan dalolat beradi. Ta’kidlash o‘rinliki, erkaklar qonida testosteronning o‘rtacha miqdori 10–40 nmol/l ni tashkil etadi.
Testosteron miqdorini oshirish uchun avvalo mast qiluvchi har qanday ichimlik va tamaki mahsulotlaridan voz kechish talab etiladi. Shuningdek, kofe ichishni ham cheklash lozim. Ovqatlanish ratsioniga erkaklar baliq go‘shti, meva va sabzavotlarni albatta kiritishlari shart. Tovuq va bedana tuxumi, dengiz mahsulotlari, yong‘oq, oshqovoq va kungaboqar urug‘lari, zanjabil (imbir), sarimsoq piyoz tanovvul qilish ham koni foyda.
Oltin ildiz, eleutorokokk, maxsarsifat levzey singari o‘simliklar testosteronning tabiiy mambai hisoblanadi. Ulardan tayyorlangan damlama ushbu gormon me’yorini ta’minlaydi.
Har kuni o‘rtacha sakkiz soatlik uyqu tartibiga rioya etish maqsadga muvofiq.
Jismoniy faollikka katta e’tibor qarating. Haftasiga hech bo‘lmasa bir marotaba suzish havzasiga borishni kanda qilmang. Ertalab yugurib, ko‘proq piyoda yurishga harakat qiling. Chunki jismoniy faollikning testosteron miqdorini oshirishi ko‘plab tajribalar vaqtida isbotlangan.
Testosteron me’yorini ta’minlashga xizmat qiluvchi birorta dori vositasini shifokor maslahatisiz iste’mol qilmang.