Bilasizmi?

Televizor tanlashda nimaga e’tibor qaratish kerak?

Ayni paytda maishiy texnika vositalarisiz kundalik turmushimizni tasavvur qilish anchagina mushkul. Har birimizning xonadonimizda balki barcha zaruriy uy texnikalari mavjud bo‘lmas, biroq aynan televizor bundan mustasno. Ha, televizor (deyarli) barchaning uyida bor, u bilan vaqtning qanday o‘tganini sezmay ham qolasiz.

Quyida televizorni xarid qilish paytida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tamiz. Ular sizga yaxshi va sifatli televizor tanlashga ko‘maklashadi, degan umiddamiz.

Diagonal

Televizor xarid qilishdan oldin u ko‘riladigan masofa va o‘rnatiladigan joyni belgilab olish kerak. Mutaxassislar 2,5-3 metrdan tomosha qilinadigan televizorning diagonali 25-32 dyuym atrofida bo‘lishi maqsadga muvofiqligini qayd etishadi. Mehmonxonalar uchun 40-50 dyuym eng optimal yechim hisoblanadi. Oshxona uchun 19-24 dyuym, yotoqxona uchun 32-40 dyuymli televizorlarni o‘rnatish tavsiya etiladi.

21

Aniqlik formati

Aniqlik formati deganda televizor ekranidagi piksellar soni nazarda tutiladi (bu haqda batafsil bu yerda tanishib chiqish mumkin). Bugungi kunda HD va Full HD formatidagi televizorlar keng tarqalgan. Unutmang, televizor ekranining aniqlik formati qanchalik yuqori bo‘lsa, uning namoyish sifati ham shunchalik tiniq bo‘ladi.  Albatta, bunda aniqlik formati televizorning narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun kichik diagonalli televizorlarni xarid qilganda HD formatli versiyalarni tanlagan ma’qul. Boisi, kichik ekranli televizorlarda yuqori darajadagi aniqlik formati u qadar kuchli sezilmaydi.

4K-TV-Resolution-Comparison-860x460-768x411

Bundan tashqari, hozirgi paytda bozorda Ultra HD yoki 4K aniqlik formatidagi televizorlar ham taklif qilinmoqda. Ushbu formatda televizordagi namoyish Full HD formatiga qaraganda bir necha marta yuqori bo‘ladi. Biroq mazkur formatning effekti  ko‘proq katta diagonalli (kamida 55 dyuym) televizorlarda bilinadi. 4K namoyish uchun video ham aynan mazkur formatda olinishi talab etiladi.

Smart TV

Hozirgi zamonaviy televizor shunchaki translatsiya uchun xizmat qilmaydi. Ular qamrab olgan va olayotgan funksiyalar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Endilikda Smart TV xususiyatiga ega televizorlarni LAN kabel yoki Wi-Fi orqali internet tarmog‘iga ulab, ilovalarni yuklash (xuddi smartfondagi singari), o‘tkazib yuborilgan ko‘rsatuvlarni ko‘rish, onlayn kinoteatr orqali istalgan filmni tomosha qilish, YouTube’dagi videolardan bahra olish, brauzerda ma’lumotlar qidirish va hatto maxsus konsollarsiz ba’zi bir o‘yinlarni ham o‘ynash mumkin. Qisqa qilib tushuntirganda, Smart TV bu televizorga mo‘ljallangan kompyuterlashgan tizim bo‘lib, u orqali qurilmaga qo‘shimcha funksiya va servislarni taqdim etadigan ilovalarni yuklab olish mumkin.

Smart-TV-screen

Raqamli signal standartlari

Televizorda sifatli kanallarni ko‘rish uchun qurilmadagi ekran aniqligi yuqori bo‘lishi bilan birga, u turli raqamli signal standartlarini qo‘llab-quvvatlashi ham talab etiladi. Hozirda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida DVB-T (yangirog‘i DVB-T2) raqamli signal standarti qo‘llab kelinmoqda. Ushbu signal yordamida yuqori namoyish formatida uzatiladigan raqamli (DTV) kanallarni ko‘rish mumkin.

Tasvirni yangilash chastotasi

Bunday birlik muayyan vaqt oralig‘ida tasvirning necha marta yangilanishini anglatadi. Odatda, 60 Gs ko‘plab televizorlar uchun standart rejim hisoblanadi. Biroq o‘ta dinamik sahnalarda ushbu birlik kamlik qilishi va natijada tasvir biroz xira hamda sifatsiz ko‘rsatilishi mumkin. Shuning uchun tasvirni yangilash chastotasi 120 Gs bo‘lgan televizorlarni xarid qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

5-lcd-led-oled

Ulanish interfeyslari

Mazkur interfeyslar televizorga har xil turdagi tashqi qurilmalarni ulash imkoniyatini beradi. Birinchi navbatda, (antenna slotidan tashqari) televizorda HDMI va USB portlari ko‘zda tutilgan bo‘lishi lozim. HDMI slot orqali televizorga mediapleyer, konsollar va tashqi disklarni ulash mumkin, USB port esa fleshkalar ulashga xizmat qiladi. Shuningdek, televizorni xarid qilish paytida LAN, SCART, audio portlarnin mavjudligiga e’tibor qarating.

wertg-768x465

Servis markazlar

Albatta, televizor tanlashda ishlab chiqaruvchining servis markazlari bilan qiziqing. Ular televizorni ta’mirlash va profilaktika qilishda muhim o‘rin egallaydi.