Xalqimiz juda topqir. Men bunday uddaburon odamlar boshqa joyda bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Hech kimning xayoliga kelmagan ishlar, kashfiyot va ixtirolar faqat o‘zbeklar tomonidan o‘ylab topilsa kerak. Odamlardan pul undirishning yangidan-yangi usullarini kashf qilishda o‘zbekning oldiga tushadigani yo‘q.
Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘qituvchilari o‘rtasida «Eng yaxshi dars ishlanmasi» degan tanlov e’lon qilibdi. Odatda, turli tanlov va musobaqalarda tashkilotchilar o‘rinlarni sotishdan daromad qilishiga o‘rganib qolganmiz. Lekin bu safargi tanlov boshqacharoq. Men faqatgina kuni kecha sodir bo‘lgan bir voqeani aytib bermoqchiman, xolos.
Dushanba kuni kechqurun qishloq maktabida boshlang‘ich ta’limdan dars beradigan xolam telefon qildilar. Maktab rahbariyati tomonidan o‘qituvchilar dars ishlanmalari tanlovida qatnashishi lozimligi haqida topshiriq bo‘libdi. Bu haqida dars ishlanmalari qabul qilish muddati tugashiga bir kun qolganda aytishibdi. Tanlovda maktabdagi barcha o‘qituvchilar qatnashishi shart emish.
Seshanba kuni hamma o‘qituvchilar tuman xalq ta’limi bo‘limiga (hozir bu tashkilot nomi allaqanday tushunarsiz so‘zlar, uzundan-uzoq jumlalar yig‘indisidan iborat. Tushunarli bo‘lishi uchun hamma bilgan tuman xalq ta’limi bo‘limi so‘zini ishlatmoqchiman) borishi, o‘z dars ishlanmalarini ta’lim vazirligining internetdagi sahifasiga joylashtirishi kerak ekan. Dars ishlanmalari Microsoft Word 2003 matn muharririda tayyorlanishi shart ekan. O‘qituvchilarga dars ishlanmalari joylanadigan internetdagi manzilni (tanlov.uzedu.uz) berishibdi.
20 yillik pedagogik stajga ega xolam hatto sms yozishni ham bilmaydi. Maktab o‘qituvchilarining aksariyati, ayniqsa, katta yoshdagi o‘qituvchilar kompyuterda matn terish malakasidan mutlaqo bexabar. Ammo yoshu-qari – barcha o‘qituvchilar tanlovda qatnashishi majburiy emish. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari anchagina tushungan odam ekan. Tuman xalq ta’limi bo‘limidagi dars ishlanmalarini kompyuterda yozib, internetga joylab beradigan odam bilan hammasini gaplashib qo‘yibdi. Arzimagan 10 ming so‘m evaziga uddaburon xodim har qanday fandan dars ishlanmasini o‘zi tayyorlab berarmish (vunderkind bo‘lsa kerak).
Xolamning xayoliga darrov kamina kelgan. «Kompyuteri bo‘lsa, internetda allambalo saytlarga kirib yursa, bir og‘iz aytaman, o‘zi tayyorlab, o‘sha aytilgan saytga joylab beradi» deb o‘ylagan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimiga beriladigan 10 ming, yo‘lkira (2 ming so‘mdan 4 ming), tushlik (10 ming) – jami 24 ming so‘m pulni, navbat kutib ketkaziladigan vaqtni tejash mumkin.
Shu kichkina iltimosga yo‘q demadim, albatta. Internet ummonida turli fan va sinflar uchun dars ishlanmalari tiqilib yotibdi. Xolamdan olingan ma’lumotlar bilan biror tayyor faylning mazmunini o‘zgartiramanu, o‘sha saytga joylab qo‘yaman, deb o‘yladim. Chuchvarani xom sanagan ekanman.
Ertasiga ertalab dars ishlanmasi tayyor bo‘lganda, aytilgan manzilga kirib ko‘rdim. Tanlov nizomini o‘qidim. Ma’lum bo‘lishicha, 18 aprel soat 24:00 gacha dars ishlanmalarini tanlovga jo‘natish lozim ekan. Fayllarni har bir maktab uchun ajratilgan login va parol bilan maktab kabinetiga kirib, saytga yuklash kerak ekan.
Xolamga telefon qilib, maktab kabinetining login va parolini so‘radim. Xolam direktor o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilgan. Direktor o‘rinbosari esa login-parolni tuman xalq ta’limi bo‘limining uddaburon xodimigina bilishini aytgan. O‘sha xodimning telefon raqamini topib, o‘ziga qo‘ng‘iroq qildik. U muhtaram janob esa maktab kabinetining login va parolini faqat direktor o‘rinbosariga berishlarini aytdilar. Yana direktor o‘rinbosari bilan bog‘landik. Direktor o‘rinbosari to‘satdan o‘zgarib qoldi. Maktabga komissiya kelayotgani, ishi ko‘pligini aytib, biz so‘ragan narsani peshindan keyin aniqlab berishga va’da berdi. Kutishga to‘g‘ri keldi.
Peshin o‘tib, asr vaqti yaqinlashdi hamki, qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Xolam bilan bog‘landim. Bilganim shu bo‘ldiki, ishimiz o‘xshamabdi. Aytishlaricha, voqea bu tarzda davom etibdi: Maktabga rostdan ham komissiya kelibdi. Komissiyadan xalos bo‘lgandan so‘ng, xolam haligi gapni eslatibdi. Direktor o‘rinbosari dastlab ularga norozi boqibdi. «15 ming so‘mlik ishni gaplashib, zo‘rg‘a 10 mingga ko‘ndirgandim. O‘qituvchilarimni o‘ylab shunday qilgandim», deb to‘ng‘illagancha tuman xalq ta’limi bo‘limiga telefon qilibdi.
Ajabki, 100 ming aholi istiqomat qiladigan shahar bo‘lmish tumanimiz markazida chiroq o‘chib qolgan ekan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi chiroq kelsa, kompyuterdan parolni ko‘rib berishni va’da qilibdi. Ancha vaqtgacha qo‘ng‘iroq bo‘lavermagach, yana o‘zlari bog‘lanmoqchi bo‘lishibdi. Dastlab tuman xalq ta’limi bo‘limidan javob bo‘lmabdi, keyin esa kutilmaganda tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimining telefoniga tushib bo‘lmay qolibdi. Smslarga ham javob olisholmabdi.
Xullas, u bilan qayta bog‘lana olishmabdi. Xolam uyga qaytmoqchi bo‘lganda esa direktor o‘rinbosari: «10 mingni berib ketavering, o‘zlari o‘rningizga kiritib qo‘yishadi. Ovora bo‘lib nima qilasiz?» deyishni ham unutmabdi. Ammo xolam unamabdi. Dars ishlanmasi tayyorligini, parolni berishsa, o‘zi kiritib qo‘yishga qodirligini, bo‘lmasa, tanlovda qatnashmasligini aytib, uyiga qaytib ketibdi. Men aytmoqchi bo‘lgan voqea shu tarzda nihoyasiga yetgan.
Tanlovga dars ishlanmalari qabul qilish 18 aprel kuni tunda nihoyasiga yetdi. Xolam bu tanlovga o‘z ishini yubormadi. O‘qituvchilar bu tanlovga qiziqishgani ham yo‘q. Qatnashish majburiy deyilgani uchun hamma 10 ming so‘mdan yig‘ib bera qolibdi. Komissiya kelgani uchun o‘qituvchilar tuman xalq ta’limi bo‘limiga ham bora olishmagan. Pul berganlarning ro‘yxatini direktor o‘rinbosari boyagi uddaburon xodimga jo‘natibdi. U esa 50 nafar o‘qituvchi uchun o‘zi dars ishlanmasi tayyorlab, tanlov saytiga joylagan bo‘lsa kerak.
Endi o‘ylab ko‘raylik: Tumanimizda 70 ta maktab bor. Men tilga olgan maktabda jami 54 nafar o‘qituvchi bor ekan. Boshqa maktablarda qancha o‘qituvchi borligini bilmayman. Har bir maktabda o‘rtacha 40 nafar o‘qituvchi 10 ming so‘mdan yig‘ib berdi deb faraz qilamiz (aslida bundan ko‘proq bo‘lishi ham mumkin):
40 x 10 000 = 400 000
400 000 x 70 = 28 000 000
Yigirma sakkiz million so‘m! Tuman xalq ta’limi bo‘limi bitta tanlovda shuncha daromad qilib tursa! Bu pullarning hammasi ularning qo‘liga yetib bormasa kerak. Maktab rahbariyatlari ham o‘z ulushini oladi, albatta. Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari shuncha o‘qituvchi uchun alohida-alohida dars ishlanmasi tayyorlashiga ishonish qiyin. Ular tayyor fayllardagi o‘qituvchining ism-shariflarini o‘zgartirib, tanlovga jo‘natishlariga shubha yo‘q.
Taxminan bir oycha oldin «Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi» tanlovining birinchi bosqichi ham deyarli shunday tartibda o‘tganini eshitgandim. O‘qituvchilar xalq ta’limi vazirligi saytida onlayn test sinovidan o‘tishlari lozim bo‘lgan. Qishloq o‘qituvchilarining aksariyati internetni tushunmaydi. Ular tuman xalq ta’limi bo‘limida test sinovi uchun uzundan-uzoq navbat kutishgan.
Bir nechta kompyuterda minglab o‘qituvchilar test topshirishini tasavvur qilib ko‘ring. O‘zbek nimani bilmaydi? – Navbatda turishni bilmaydi! Bu ham yetmaganday, goh kompyuterlarning ayrimlari ishlamay qolsa, goh chiroq o‘chib qoladi, gohida esa internet uzilib qoladi. O‘zbek nimani yomon ko‘radi? – Kutishni yomon ko‘radi! O‘zbek nimani yaxshi ko‘radi? – Ishi tezroq bitishini yaxshi ko‘radi! Yechimi yana oddiy: 10 ming so‘mdan yig‘ilsin! Testdan siz uchun o‘zimiz o‘tib qo‘yamiz! O‘zbek nimani yomon ko‘radi? – Hamma pul berganda bir o‘zi qarshi chiqsa, mulzam bo‘lishni yomon ko‘radi! Ko‘pga kelgan to‘y... Maktab rahbariyati ko‘rsatmasi bo‘yicha o‘rtacha natija uchun test yechiladi. Keyingi bosqichga o‘tishi kelishilganlarga yuqoriroq natija qilib beriladi.
Bu ishlar, birinchidan, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinsa, ikkinchidan o‘qituvchilarni shilishning yangicha usuliga aylanib qolgani kishini g‘azablantiradi. O‘sha maktab direktorining o‘rinbosari va Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi bilan gaplashib qo‘ymoqchi ham bo‘ldim. Ammo... O‘zbek nimani yomon ko‘radi? – Haq talashishni, o‘z huquqini talab qilishni yomon ko‘radi! O‘zbek nimani yaxshi ko‘radi? – «Och qornim – tinch qulog‘im» qabilida jim yurishni yaxshi ko‘radi! Xolam ham tinch yurishimni maslahat berdilar. O‘zbekchilik...
Lekin savollar tug‘iladi: Bu tanlov nima uchun o‘tkazilyapti o‘zi? Xalq ta’limi viloyat va tuman tarmoqlarida ishlayotgan rahbarlar cho‘ntagini to‘ldirish uchunmi? Nima uchun bu kabi tanlovlarda hamma qatnashishi shart qilingan? O‘qituvchi tanlovda qatnashishdan bosh tortishga haqqi yo‘qmi? Internet orqali tanlov qilishdan oldin chekka joylarda shunga yarasha sharoit yaratilishi kerak emasmi? Nega o‘qituvchidan dars o‘tishni talab qilish o‘rniga, uzundan-uzoq navbat kutishga majburlanadi? Nega o‘qituvchi bunday tanlovlar uchun pul sarflashga majburlanadi? Plastik kartada oylik oladigan o‘qituvchidan naqd pulda 10 mingdan yig‘ilayotgan pullar qayerga ketyapti? Bu yig‘imlardan kimlar manfaatdor?
Savollar ko‘p, javob esa, har doimgiday, ochiq qolaveradi.
Manba: Sof.uz