Go‘zal hayot o‘zi kelmaydi. U o‘qib-o‘rganish, muntazam intilish, qattiq mehnatning natijasidir. Bu baxtli hayotga berilgan eng munosib ta’rif. Aks holda, Janubiy Hindistonning uzoq Maduray shahrida, oddiy oilada dunyoga kelgan bolakay 2016 yilda okean ortining eng ko‘p haq to‘lanadigan rahbarlaridan biriga aylanmas edi.
2015 yilda Google kompaniyasiga egalik qiluvchi Alphabet Inc. xoldingi tashkil etilgach, kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan Sundar Pichai Google kompaniyasiga rahbar etib tayinlanadi.
Sundar Pichai 1972 yilda Hindistonning Tamil Nadu shtatida, injener-elektrik xonadonida tavallud topgan.
Google'ning bo‘lajak rahbari yoshligidanoq ilmga chanqoqligi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. U maktabda kamgap, ammo so‘zlari ma’noga to‘la, uyatchan o‘quvchi bo‘lgan. Elektronika mahsulotlarini "titkilash" uning uchun eng sevimli mashg‘ulot edi.
Uni insoniyat hayotiga yengillik olib kelayotgan kompaniyaning dahosi deyishadi.
Sundar juda kamsuqum va kamtarin inson. U bilan suhbatlashayotgan oddiy inson ham uning xalqaro ahamiyatga ega kompaniyaning rahbari ekanini his qilmaydi.
2016 yilning ilk oyida Las-Vegasda o‘tgan Elektronika mahsulotlari iste’molchilari ko‘rgazmasi chog‘ida ham janob Pichai ko‘rgazmani yolg‘iz o‘zi aylanib, yangi mahsulotlar bilan tanishib chiqadi. U bilan suhbatda bo‘lganlarning ko‘pchiligi nafaqat dunyoning eng salohiyatli insonlaridan biri bilan suhbatlashginini, qarshisida Google'ning rahbari turganini ham sezishmaydi.
Sundar Pichai Hindistonning Xaragpur texnologiyalar instituti (bakalavr), AQShning Stenford universiteti (magistr), shu bilan birga Pensilvaniya universitetida tahsil olgan.
U xotini Anjali Pichai bilan bakalavrda o‘qib yurgan kezlari tanishib qolgan va ayni vaqtda 2 farzandlari bilan birgalikda Kaliforniyada istiqomat qilishmoqda.
O‘rta hol hindistonliklar kabi bolaligi 2 xonali uyda o‘tgan Pichai oilasi bugun 5 yotoqxonali, ichida tennis korti, futbol maydoniga ega hovlida istiqomat qiladi.
2004 yilda Google kompaniyasidagi faoliyatini oddiy menejerlik lavozimidan boshlagan Pichai 2015 yilda 66 milliard AQSh dollari kirim bo‘ladigan, 16 milliard dollar daromad ko‘radigan kompaniyaning rahbariga aylandi.
Menejerlikdan so‘ng u vitse-prezident, so‘ngra bosh vitse-prezident, so‘ngra Google ilovalari uchun ma’sul shaxsga aylandi.
Janob Pichai Google Chrome, Chrome OS, shuningdek Google Drive kabi dasturiy mahsulot va loyihalarning menejmenti bo‘yicha mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. U kompaniyaning Gmail hamda Google Maps loyihalarining rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Google tomonidan ishlab chiqilgan Google Search, Google Toolbar, Google Pack, Google Gears, Gmail Apps, Maps ilovalari, Android One mobil operatsion tizimini yaratishda ham Sundar Pichaining sa’y-harakatlari yuqori.
Janob Pichaini hamkasblari mohir diplomat, deb bilishadi. Rahbar sifatida u har bir xodim bilan muomalani maromiga yetkazadi. Kompaniyada uni yomon ko‘radigan, undan ozor chekkan biror xodimni topish mahol.
Sundar Pichaining bolaligi ilmiy kitoblar bag‘rida o‘tdi. Ularning oilasida televizor ham, avtomobil ham bo‘lmagan. Sundar Google kompaniyasiga ishga kirganidan so‘ng ota-onasi o‘g‘li bilan gaplashib turish uchun uyga telefon tarmog‘ini torttirishadi.
Sundarning otasi o‘g‘lini AQShda o‘qitish maqsadida, bankdan qarz oladi.
MasterCard, Microsoft, PepsiCo kabi dunyoning yetakchi kompaniyalarini Sundar Pichaiga o‘xshagan kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan insonlar boshqaradi.
Nyu-Hempshir universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, hindistonliklarga xos xokisorlik va yuksak ilmiy salohiyat qorishmasi va kasbiy intilish ularning muvaffaqiyat siri ekan.
Pichai bolaligida kompyuter mutaxassisi bo‘lishni reja qilmagan. U boshqa hindistonliklar singari kriket muxlisi bo‘lgan kriketchi bo‘lishni maqsad qilgan. U maktab jamoasining sardori bo‘lgan.
Pichai doimo oddiy oiladan kelib chiqqanini, ota-onasi uning uchun hayotning qulayliklarini o‘tkazib yuborganlari, o‘g‘illari ta’lim olishi uchun ular kezi kelganda qulay hayotdan voz kechganlarini ta’kidlaydi.
Shuningdek, Pichai iqtisodiy qiyinchilik sabab maktabni ham bitirmagan onasiga o‘xshagan yuz minglab hindistonlik ayollarning o‘qib-izlanishlari uchun internet orqali maxsus loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. U shu yo‘l orqali ota-onasiga barchasi uchun rahmat aytmoqchi.
Alphabet xoldingi rahbari Larri Peyj mehnatkash Sundarni doimo kompaniyaning tog‘laridan biri deb bilgan. Shu sababli ham, uni rahbar lavozimiga ko‘tardi. Qolaversa, unga kompaniya aksiyalaridan ajratib, mehnatiga nisbatan yuksak hurmat ko‘rsatdi.
2016 yilning 3 fevral kuni 43 yoshli Sundar PichaigaAlphabet xoldingining $199 million dollarga teng bo‘lgan 273,328 dona aksiyasi topshirilgan. Aksiyalardan tushgan navbatdagi mukofot puli bilan birga Pichay narxi taxminan $650 million dollarga teng aksiyalar egasiga aylandi. Natijada Sundar Pichai AQShda eng ko‘p haq to‘lanadigan inson degan sharafli nomga ega bo‘ldi.
Guvohi bo‘lganingizdek, Sundar Pichai muvaffaqiyatdan umidvor bo‘lib harakat qildi, mehnatiga muvaffaqiyat bilan nazar soldi, muvaffaqiyatni his qila oldi. Natijada, uning ijobiy natijalaridan butun dunyo hayratga tushmoqda.