Salomatlik

Sport anjomlarini o‘zingiz yasang

Sportning hech bir turiga qiziqmagan, umrida bir martagina shug‘ullanib ko‘rmagan inson topilmasa kerak. Sportning inson tanasiga foydasi to‘g‘risida gapirib o‘tirmaymiz, bu xuddi oftobning ahamiyati haqida va’z o‘qigan bilan bir xildir. Quyida ayrim oddiy sport anjomlarini qo‘lbola usulda yasash haqida to‘xtalamiz.

Boks qo‘lqopingiz yo‘qmi?

Bokschilar “grusha” deb ataydigan qopchani tez-tez urib turish koni foyda mashqlardan Ayniqsa, zardangiz qaynab turganda, biror dushmaningizning qiyofasini tasavvur qilib “grusha”ga musht yog‘dirish huzur bag‘ishlaydi. Ammo boks qo‘lqoplari hamisha hamrohimiz emas. Noqulay shakli tufayli ko‘pincha safar xaltamizga sig‘may qolib ketaveradi. Yoningizda boks qo‘lqopi bo‘lmasa, biror narsani xumorbostiga mushtlay olmasangiz qiyin, albatta. Biz “tezpishar” boks qo‘lqopi tayyorlashni o‘rgatamiz.

Eski paypoqning ichiga g‘ovak rezina yoki porolonni joylab, so‘ng shu paypoqni kaftga kiyasiz (paypoq toza bo‘lsin :) ). Esda tuting: musht tukkaningizda porolon yoki rezina kaftning zarb beradigan orqa qismida joylashsin. Mushtni tugasiz – mana zarb beradigan qismi himoyalangan.

Endi maxsus qopcha shart emas, daraxt tanasiga, simyog‘ochga yoki devorga bahuzur musht yog‘dirishingiz mumkin. Bu zavqli mashg‘ulot. Salomat bo‘ling.

Ish joyida qo‘lbola turnik

Ushbu maqolamizni, eng avvalo, o‘tirib ishlovchi kasb vakillari o‘qishlariga shubha yo‘q. Ya’ni muntazam kompyuter, idora ishi bilan shug‘ullanuvchi xodim har yarim soatda mashq qilib turmasa, salomatlik bilan arazlashib qoladi. Ofis xodimlari uchun eng yaxshi mashq bu umurtqani chiniqtirishdir.

Iloji bo‘lsa, ish xonangizning o‘ziga turnik o‘rnating. Devorga qotiriladigan turniklar magazinda sotilmay yotibdi. Agar xonangizda bunga sharoit bo‘lmasa yoki cho‘ntakni asrayotgan bo‘lsangiz kamchiqim va qo‘lbola yo‘lini o‘rgatamiz.

Shkafning chetiga qayishdan rasmda ko‘rsatilganiday ikkita ilmoq mahkamlang. Qayishni burama mix bilan qotirgan ma’qul. Erkin o‘rnashsin, kerak bo‘lmagan paytda shkaf devori ichkarisiga qayirib qo‘yish mumkin bo‘lsin. So‘ng 1 metrdan uzunroq temir quvur yoki polyuvgich sopini ilmoqlarga o‘rnashtirib tortilsangiz bo‘ladi. Mashqni tamomlagach, tayoqni olib qo‘yishingiz mumkin.

Bunday turnikda muallaq osilib turish umurtqani cho‘zadi. Oyoqlarni ko‘tarib-tushirib qorin press mashqini bajarish mumkin. Shkaf og‘irligingizga bardosh bermasa, mix bilan devorga mahkamlab qo‘ying.

Ish vaqtida tez-tez turnikka osilib tursangiz, uyushib qolgan qon yaxshi aylanadi, kerishib-tortishib olgach, ish qobiliyatingiz tiklanadi.

“Agar umurtqa mashqini bajarmasangiz umurtqalar orasidagi lappak (disk) yassilashib ketadi, tog‘aylar yeyiladi. Harakat qiling – yosharasiz!” –deydi, Pol Bregg “Umurtqa – salomatlik kaliti” asarida.

100sovetov.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi