Bilasizmi?

Sherzod Shermatovga maktab ta’limi tizimidagi muammolar yechimi yuzasidan 3 kunda 3 mingdan ortiq taklif kelib tushdi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida maktab ta’limi sohasidagi mavjud muammolar yechimi bo‘yicha taklif-mulohazalarni bildirishni so‘ragan edi. Mazkur murojaatga javoban 3 kunda 3 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.

«Prezident tomonidan xalq ta’limi tizimi mamlakatimiz kelajagi uchun eng muhim sohalardan ekanligi haqida alohida ta’kidlab o‘tilgan edi. Bu haqiqatda xalqimiz uchun juda dolzarb soha ekanligini birgina mavjud muammolarni yechimi bo‘yicha odamlardan yig‘ilgan onlayn-forma orqali yuborilgan takliflar sonidan ham bilsa bo‘lar ekan: 3 kunda 3 mingdan ortiq taklif kelib tushibdi, hali ham davom etayapti», — ta’kidladi Sherzod Shermatov.

Vazirga ko‘ra, endi ushbu takliflarni tahlil qilib, ular yuzasidan tizimli ishlash kerak bo‘ladi. Hozirgi kunda Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasini qayta tasdiqlash bo‘yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqilmoqda va imkoni boricha ushbu loyihaga yechimi tez bo‘lishi mumkin masalalarni kiritishga harakat qilinadi. Yangi tuzilma tasdiqlanib, vazirlikda samarali ishlaydigan komanda shakllantirib olinganidan keyin esa tizimli ravishda muammolar yechimi bo‘yicha ishlanadi.