15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshini qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlatimiz rahbari tadbirga yig‘ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug‘ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini ta’kidladi”, - deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 1 sentyabr kuni Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasida bo‘lib, mazkur markaz qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda mazkur qadimiy majmua yonidan o‘n gektarga yaqin joy ajratildi. Loyiha ishlab chiqilib, hudud qurilishga tayyorlandi.
“Bu markazni qurishdan maqsad islom ma’rifatini o‘rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Xudo xohlasa, hamma sa’y-harakatlarimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi”, dedi prezident.
Bu yerda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekistondan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi o‘rni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlari keng targ‘ib qilinadi. Mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.
Markaz binosi O‘zbekistondagi qadimiy madrasalar ko‘rinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa ob’yektlarni o‘z ichiga oladi.
“Biz shunday buyuk merosning davomchilari bo‘la turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz, boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib bo‘lishimiz, ilm-ma’rifatda o‘rnak bo‘lishimiz kerak”, dedi O‘zbekiston rahbari.