Salomatlik

Semizlikdan qutulish uchun besh maslahat

“Do‘mpaygan qorin homilador ayolga yarashur”, deydi donolar. Saytimiz muxlislari orasida semizlikdan aziyat chekib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni rejalashtirib yurganlar uchrashi mumkin. Quyida ozish uchun maslahatlarni havola etamiz. Tavsiyalarimizning o‘ziga xosligi shundaki, ular kechki payt bajarishga mo‘ljallangan.

  1. Natriydan parhez qiling

“Agar ertalab qorinni qappaytirib uyg‘onishni istamasangiz kechki ovqat mahali tuzdan voz keching”, deydi amerikalik taniqli parhezshunos, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ma’ruzachi va Small Change Diet kitobi muallifi Keri Gans (Keri Gans). Ortiqcha tuz organizmda suvni tutib qoladi, bundan qorin va oyoq shishishi kelib chiqadi. Yaxshisi, kech mahali sabzavot yoki yog‘siz go‘sht yegan ma’qul. Ta’kidlaymiz: tuz yoki tarkibida tuz bo‘lgan ziravorlarsiz.

  1. Tunda mashq qiling

Ozish uchun terlab-pishib mashq qilishning nafi katta. Odatda, ertalab mashq qilish kerak, degan fikr keng tarqalgan. Saharlab turib mashq qilish haqida xayol surish maza, ammo vaqtli turib jismoniy mashq qiluvchilarning o‘zi barmoq bilan sanoqli bo‘lsa kerak. Qolaversa, ishga borish uchun vaqt tig‘iz.

Kechqurun mashq qilsa, bo‘lmaydimi? Bo‘ladi, ammo ayrimlar kechki payt mashq qilsa uyqu qochadi, deb o‘ylaydi. Bu fikrni yig‘ishtiring, ertalab ulgurmasangiz, jismoniy mashq fursatini kechga ko‘chiring. AQShning National Sleep Foundation tashkiloti o‘rganishicha, kunning qaysi qismida jismoniy mashq qilganlariga qaramasdan 60 foiz insonlar tunda maza qilib uxlar ekan. Ortiqcha vazn bilan tunda kurashing.

  1. Ko‘p suv iching

H₂O ajratuvchi a’zolar faoliyatini me’yorlashtiradi va ishtahani bo‘g‘adi. Turli yoshdagi kishilar ustida o‘tkazilgan tajriba ovqatdan oldin “nikko” ichilsa, tanovul kamroq bo‘lishini ko‘rsatdi. Kam yesangiz, ozishingiz turgan gap. Kichik eslatma: issiq ko‘rpadan turib oy yorug‘ida hojatga chiqmaslik uchun yotishdan bir soat oldin suv ichishni to‘xtating.

  1. Qorong‘u xonada uxlang

Qorong‘ulikda organizm melatonin ishlab chiqaradi. Melatonin gormonini tibbiyotchilar qattiq uyqu bilan bog‘lashadi. Shuningdek, melatonin yetishmovchiligi ortiqcha vazn to‘planishiga olib keladi. Ko‘pchilik parhezshunoslar qorong‘u xonada orom olib uxlashni maslahat berishlari bejiz emas.

  1. Salqin joyda hordiq chiqaring

AQSh biotexnologik axborotlar Milliy markazi tadqiqoti qiziq fakt keltirdi: 18 daraja haroratda uxlaganlar 24 daraja haroratda uxlaganlarga nisbatan 7 foiz ortiq kaloriya yo‘qotgan. Ha, bu ko‘p emas, ammo ozishga bir oz yordam beradi.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi