Bahor faslining ikkinchi oyi ham nihoyasiga yetay deb qoldi. Oldinda may. Uni bemalol Yoz fasliga kiritsak xato bo‘lmas. Negaki, u o‘zining issiq ob-havosi bilan yoz oylaridan aslo kam emas. Xullas, bu yog‘iga quyoshli, jazirama kunlar bizni kutayapti. Endi ko‘chada “ko‘zoynaklar” yanada ko‘payadi. Ha, ha, siz to‘g‘ri angladingiz. Hamma quyoshdan pana qiluvchi ko‘zoynaklar sotib olishga kirishadi. Ma’lumotlarimiz inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan quyoshdan ko‘zni himoya qiluvchi ko‘zoynaklar haqida.
Tarixda Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rim imperatori Neron gladiatorlik janglarini zumrad bilan ziynatlangan oyna orqali tomosha qilishni xush ko‘rgan.
Qadimgi Xitoyda 12-asrda sudyalar nafaqat nurdan himoyalanish, balki guvohlar bilan so‘rov chog‘ida ko‘z ifodalarini berkitish uchun ko‘kish kvars plastinalaridan foydalanishgan.
Jeyms Eskot 18-asrda rangli oynaklarni sinovdan o‘tkazgani ma’lum. Biroq bu quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklar emasdi. Eskot firuza rangli oynaklar ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, deb hisoblagan.
19-asr oxiri, 20-asr boshlaridan ko‘zlari yorqin nurdan kasallangan odamlar qahrabo (sariq va jigarrang) ko‘zoynak taqishgan. Keyinchalik taniqli kinoaktyorlar odamlar tanib qolmasligi uchun ana shunday ko‘zoynakka murojaat qila boshlagan. Bundan tashqari kuchli yorg‘ulikka ega tasvirga olish maydonchalaridagi projektor chiroqlaridan ularning ko‘zlari qizarib ketardi. Shu bois, maydonchadagi aktyor va aktrisalar himoya uchun ham ko‘zoynak taqishga majbur bo‘lishardi.
Quyoshdan pana qiluvchi arzon ko‘zoynaklarni ommaviy ishlab chiqarish 1929 yilda Amerikada boshlangan. Sem Foster Grant ana shunday ko‘zoynaklarni Nyu-Djersi shatatidagi Atlantik-Sitida joylashgan cho‘milish sohillarida sotishni yo‘lga qo‘ygan.
Edvin Lend polyaroid filtrli linzalarni kashf qilgach, 1936 yili polyaroidli ko‘zoynaklar paydo bo‘ldi.
Vazifasi Ko‘zoynaklar ko‘zni yorqin ranglar va kuchli yorg‘ulikdan asraydi va ko‘rish qobiliyatini oshiradi. Polyaroidli linzalar esa metallsiz kengliklarda yaltirashni kamaytirib beradi, shu jumladan, suvda.
Shuningdek, mazkur buyum yorug‘likning ko‘zga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan komponentlaridan himoyalaydi. Masalan, qordan ko‘zning tinishi, fotokeratit, katarakt va boshqa ko‘z kasalliklarini chaqiruvchi ultrabinafsha nurlaridan asraydi.
Saqlash va parvarishlash Ko‘zoynakni tozalab yurish uchun mikrofibradan maxsus latta mavjud. Futbolkalarga artish yaramaydi. Agar unda chang ko‘p bo‘lsa, uni avval sovunli suvda yuvib tashlab, so‘ng yumshoq latta bilan arting. Yo‘qsa, oynada turli chizilishlar hosil qilishi mumkin.
Saqlash uchun maxsus g‘iloflardan foydalangan ma’qul. Shunchaki sumka yoki shim cho‘ntaklari ishonchli emas. Shuningdek, boshga taqib yurish ham tavsiya qilinmaydi. Birinchidan, harakat chog‘ida uning dastasi qimirlab, egiluvchanligi yo‘qoladi. Ikkinchidan, undan ham chiroyli ko‘rinishdagi ilib yurish usullari(rasmda ko‘rsatilgan) bor.
Tanlash Xo‘sh, erkak kishi ko‘zoynak o‘zi nima uchun kerak? Shartmi shunchalik? Birinchi, galda salomatlik. Keyin esa uslub uchun. Uni tanlashda ham shu jihatlar inobatga olinadi.
Yuz tuzilishi bu borada muhim ahamiyatga ega. Shu asosda ko‘zoynak tanlasangiz, u yuzinizga ham yaxshi o‘rnashadi, ham yarashadi va uslubingizni to‘ldiradi. Maxsus infografikadan o‘z yuz shaklingizni toping va shunga qarab ko‘zoynak tanlang!
Internet materiallari asosida tayyorlandi.