Bilasizmi?

Qudratulla Abduqahorov yana bir nokautli g‘alabani qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik professional bokschi Qudratullo Abduqahorov (10−0−0, 7 KO) Singapurda 10 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Battle of Champions boks musobaqasi doirasida 10- g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Qo‘rg‘ontepalik (Andijon viloyati) 23 yoshli sportchi tanzaniyalik Idda Pialariga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekiston bokschisi to‘rtinchi raundda texnik nokaut bilan g‘alabaga erishdi. Bu haqda Gazeta.uz yozmoqda.

25 mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda O‘zbekiston vakili yarim o‘rta vazn toifasida dunyoning eng kuchli 10 bokschisidan biri, World Boxing Council kumush chempionlik unvoni sohibi zimbabvelik Charlz Manyuchi (20−2−1, 12 KO) bilan jang olib boradi. U Xalqaro boks federatsiyasi IBF reytingida yettinchi, Jahon boks assotsiatsiyasi WBA reytingida oltinchi, Jahon boks kengashi WBC reytingida esa uchinchi o‘rinni band etib turibdi.

Qudratullo Abduqahorov esa BoxRec — professional bokschilar qaydlarini o‘tkazish va yangilash bo‘yicha nufuzli britan manbasi reytingida vazn toifalaridan qat’i nazar O‘zbekistonning eng yaxshi professional bokschisi hisoblanadi. U World Boxing Federation, yoshlarning World Professional Boxing Federation va Osiyoning Asian Boxing Council tasniflari bo‘yicha 66,7 kg gacha yarim o‘rta vazn toifasida chemponlik unvoni sohibi sanaladi.