28 aprel kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi G‘arbiy Yevropa-G‘arbiy Xitoy nomli avtomagistral yo‘lida Mercedes-Benz Sprinter rusumli mikroavtobusi yuk mashinasi bilan to‘qnashishi natijasida ag‘darilib ketgan. Bu haqda “Kazinform” xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, mikroavtobus salonida 18 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning 2 nafari qozog‘istonlik, qolganlari o‘zbekistonlik ekani ta’kidlanmoqda.
Ushbu avtohalokat natijasida uch kishi halok bo‘lgani, ularning ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani tasdiqlangan.
Voqea natijasida og‘ir jarohat olgan yana ikki nafar yo‘lovchi Jambilning Korday rayoni shifoxonasiga keltirilgan. Ma’lum qilinishicha, ikki nafar yo‘lovchining ham ahvoli juda og‘ir.
Qolgan o‘zbek yo‘lovchilari O‘zbekiston chegarasiga olib kelingan va o‘zbek shifokorlariga topshirilgan.