Ish

Qanday qilib o‘z ishini yoqtirish mumkin: beshta oddiy qoida

Baxt, bu — erta tongda uyg‘onib ishga ishtiyoq bilan borishing, kechqurun esa xush kayfiyatda uyga qaytishingdir. Bajarayotgan ishimiz o‘zimizga yoqmasa, u holda nima qilishimiz kerak? Mutaxassislar buning osongina yechimlarini ishlab chiqqan bo‘lib, ularning tavsiyalari kishiga o‘z kasbi, qilayotgan ishini yana yoqtirib qolishi uchun yordam berishi mumkin.

O‘z ishingizga mas’uliyat bilan qarang

Qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, u xoh sotuvchilik, o‘qituvchilik yoki buxgalterlik bo‘lsin, ishingizga mas’uliyat bilan qarashingiz kerak. Biroq juda kam sonli odamlargina o‘z ishiga mas’uliyat bilan qaraydi. Agarda siz ishingizga jiddiy yondashsangiz, faoliyatingizda ma’no paydo bo‘la boshlaydi.

Unutmang, ishingizning natijasi uchun faqatgina siz javobgarsiz. Hech kim siz uchun qayg‘urmaydi, shu lavozim sizga yuklatilgan ekanmi, bu ishingiz – sizning javobgarligingizdir.

O‘zingizga ko‘proq mas’uliyat olishdan, faoliyatingiz doirasini kengaytirishdan qo‘rqmang. Oldingizga ko‘proq vazifa qo‘yib, ish jarayoniga o‘zgartishlar kiriting. Shunda har qanday ish ma’nosini o‘zgartiradi va oxir-oqibat tushunib yetasizki, ko‘p narsa sizga bog‘liq, hech narsa befoyda, buhuda emas.

Dunyoni yaxshilashga intiling

Tasavvur qilingki, sizning ishingiz bekorga ketmaydi: u dunyoni ozgina bo‘lsa ham yaxshiroq qiladi, siz odamlarga yordam berayapsiz va yakuniy natija yoki mahsulotda o‘z ulushingiz, hissangiz bor.

Masalan, sotuvchi odamlarga yaxshi mahsulot olishga ko‘maklashadi, avtobus haydovchisi minglab odamlarni o‘z manzillariga yetkazib qo‘yadi, farrosh binolarni chinniday tozalaydi, shifokor, o‘qituvchi yoki o‘t o‘chirish xodimlari haqida so‘zlashga ham hojat yo‘q.

Odam o‘z kasbini faqatgina daromad manbai sifatida ko‘rmasligi kerak: bu kishini yaxshi natijalar sari ruhlantirmaydi.

Chunki yaxshigina daromad ko‘rsa ham ishidan ma’no topolmaydigan son-sanoqsiz odamlarni uchratish mumkin. Ularning aksariyati faqat pulni deb ishlaydi va faoliyatida daromaddan boshqa narsani ko‘zlamaydi.

Malakangizni takomillashtirib boring

Har bir kasb egasidan bilim, tajriba talab qiladi. Bu tajribalar hayotda va kelgusidagi mansab pillapoyalarida albatta yordam beradi. Shuning uchun vazifangizni imkon qadar to‘liq bajarishga intiling va doimo bir narsani yodda saqlang: harakatlaringiz hech qachon zoye ketmaydi. Ish faoliyatdagi har qanday tajriba muhim.

Shug‘ullanib turgan ishingizga tegishli bo‘lgan barcha kasbiy malakalarni egallashni o‘z oldingizga qat’iy maqsad qilib qo‘ying.

Oddiy sotuvchi misolida buni ko‘rib chiqsak: u mehnat jarayonida odamlar bilan ishlash, muloqot o‘rnatish, xaridorning ko‘nglini topish, marketing strategiyasi, rastalarni tuzatish va hokazolarni o‘rganib, tajriba to‘plab boradi. Buni haqiqiy amaliyot deb atash mumkin. Har qanday kasb egasida ana shunday imkoniyat mavjud. Ushbu haqiqatni qanchalik erta anglasangiz, shuncha yaxshiroq ishlashni boshlaysiz.

Faoliyatingizni optimallashtiring

Har kunlik ish tartibingizga nimadir yangilik kiritish, jarayonlarni optimallashtirishga harakat qiling, vazifalarni bajarish vaqtini qisqartiring, tashkilot hujjatlari tarkibiga yangiliklar joriy etib, bo‘limning rivojlanish rejasini ishlab chiqing, odatdagi harakatlaringiz samaradorligini oshiring.

Ko‘pgina qo‘shimcha mayda yumushlarni o‘ylab topsangiz, ular ishingizni yanada yaxshilaydi. Bu esa ishingizdan ichki qoniqish hosil qilishingizga xizmat qilishi aniq.

Falsafiy yondashing

Hayotingizning qaysidir qismida biror yumush bilan shug‘ullanar ekansiz, buni chin vijdon bilan, bor kuchingizni ayamasdan, go‘yoki sizda boshqa tanlov yo‘qdek bajaring. Unutmang, yerning qaysidir qismida odamlarda ish tanlash imkoniyati yo‘q, kimdir yashayotgan joyida bittagina bo‘lgan shaxtada konchi, kimdir sahroda yo‘l quruvchisi, kimdir ulkan bozorda chiqindilarni yig‘ishga mahkum, ba’zilar esa mutlaqo ishsiz.

Bir narsani tushunib yetishingiz kerak: katta maosh odamni uzoq vaqt rag‘batlantira olmaydi. Ertami yo kech u sizga kichik hamda odatdagidek tuyulaveradi va siz zerikishni boshlaysiz.

Ha, albatta, pul muhim: u istaganingizdek yashashingizni ta’minlaydi, biroq o‘zingizni ro‘yobga chiqarish haqida ham unutmaslik lozim.

Ko‘plab odamlar: “Nima uchun ishlayapsan?” degan savolga: “Pul topish uchun”, deya javob beradi. Shuning uchun ham ularni ishda baxtiyor deb aytish mushkul: bunday kishilarga qo‘yib bersangiz, ishlamasdan kunini kech qilsa, agar kuzatsangiz, undaylar berilgan vazifalarni bajarishdan chalg‘ib, ko‘p gapirishadi, o‘zini chetga tortishadi. Ular yangiliklar qidirishni, faoliyatining yuqori cho‘qqilariga chiqishni istashmaydi va ishga shunchaki borib-kelishga ko‘nikishgan.

Siz o‘zingizga yoqmaydigan ishga qanday yondashasiz?