O‘zbekistonda mahkumlar ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ish vaqtidan bo‘sh paytlarida toza havoda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish hamda jazoni o‘tash muassasasi psixologik xizmati xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordam olish huquqiga ega bo‘ldilar. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rashul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
«O‘tgan haftada Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar mahkumlarning huquqlarini kengaytirish va sharoitlarini yaxshilash masalasiga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqib ma’qulladilar. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqilib, unga ko‘ra kodeksning 9-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi», — deb yozadi deputat.
Rasul Kusherbayevning qo‘shimcha qilishicha, «mahkumlar psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda faqat ularning roziligi bilan ishtirok etadi, mehnat qonunchiligiga muvofiq xavfsiz mehnat sharoiti, dam olish, ta’til, shuningdek, mehnatga haq to‘lanishi» bo‘yicha qo‘shimcha huquqlari belgilandi.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligini 70-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagirezolyusiyasi (qarori) bilan qabul qilingan Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlarini 13-qoidasida mahkumlar foydalanadigan hamma binolar, eng avvalo, yotish binolari barcha sanitariya talablarga javob berishi kerakligi, bunda tegishli e’tiborni iqlim sharoitlariga, ayniqsa bu binolarning kubaturasiga, ularning minimal maydoniga, yoritilishiga, isitish va havo almashtirishiga qaratish kerak.
Shu bois, Qonun loyihasi bilan kodeksning 84-moddasi «Mahkumlarning yashash joyi» bo‘yicha ham qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni «ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos keladigan umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydilar».
Amaldagi tahrirda esa «ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydilar» deb belgilangan bo‘lib, mahkumlarning «sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos keladigan» turar joy, xona yoki kameralarda yashash ko‘zda tutilmagan edi.
Jinoyat-ijroiya kodeksining 87-moddasiga ham bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, «ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs tibbiy ko‘rikdan jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilinganda hamda jazoni o‘tash vaqtida uning murojaatiga asosan va davriy ravishda, biroq, olti oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish maxfiylik shartlarida amalga oshiriladi.
Mahkum jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilingan vaqtdan boshlab, o‘n besh kun davomida suhbat o‘tkaziladi, u muassasaning karantin xonalarida tibbiy ko‘rik va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan o‘tkaziladi.
Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati mahkumlar muassasaga qabul qilinganda, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda tibbiyot xodimlarining zudlik bilan kirishini ta’minlashi shart.
Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilganda, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj mahkumlar davolash muassasasi huquqiga ega koloniyalarga yoki mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og‘ir kasallikka chalingan hollarda, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlari yoki uning o‘zi ko‘rsatgan boshqa shaxslarni darhol xabardor qiladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og‘ir kasallikka chalingan hollarda telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashishga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qo‘shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi".
Kodeksning 97-moddasi «Mahkumlar bilan tarbiyaviy ish olib borish» ham yangi qismlar bilan to‘ldirilmoqda. Shu jumladan ushbu moddada quyidagilar nazarda tutilgan:
«Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga kelgan vaqtda uning psixologik portretini tuzish orqali tuzalish yo‘liga o‘tish moyilligini aniqlash;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ongini o‘zgartirish tadbirlarni o‘tkazish va ularda sodir etgan jinoyatiga nisbatan pushaymonlik hissini uyg‘otish;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning talab qilinayotgan kasb va mutaxassisliklarga o‘qitish ishlarini tashkil etish va o‘qishni tugatgandan so‘ng tegishli hujjatni berish hamda keyinchalik ishga joylashtirish".
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligini 70-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturining hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi (qarori) bilan qabul qilingan Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlarini 39-qoidaning 1-bandida muassasa ma’muriyati tomonidan mahkumni har qanday qilmishiga, agar unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruhiy kasallik yoki aqliy zaiflik kuzatilsa, intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, mazkur qoidaning 3-bandida muassasa ma’muriyati mahkumga intizomiy jazo chorasini qo‘llashidan oldin, uning ruhiy kasalligi yoki aqliy zaifligi, xulqi va tartibbuzarlik yoki qilmish sodir qilishga ta’sir ko‘rsatgan holatlari o‘rganib chiqishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, JIKning 105 va 106-moddalarga tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni Kodeksning 105-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydi:
- mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu ishdan bo‘yin tovlash yoki rad qilish oqibati bo‘lmasa;
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan har qanday tartibbuzarligi uchun.
JIK 106-moddasining to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda berilmoqda:
«Intizomiy jazoni qo‘llash chog‘ida huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, mahkumning xulqiga tartibbuzarlik yoki qilmish sodir etishga ta’sir etadigan hamda intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun sabab bo‘lgan ruhiy holat buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor bo‘lmagan intizomiy jazolari bor-yo‘qligi inobatga olinadi».
Ushbu moddaning amaldagi tahririda intizomiy jazoni qo‘llash chog‘ida huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, olib tashlanmagan va bekor bo‘lmagan intizomiy jazolari bor-yo‘qligi inobatga olinib, «mahkumning xulqiga tartibbuzarlik yoki qilmish sodir etishga ta’sir etadigan hamda intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun sabab bo‘lgan ruhiy holat buzilishining mavjudligi» ko‘rsatilmagan edi, deya yakunlaydi Qonunchilik palatasi vakili.