Bilasizmi?

OTB O‘zbekistondagi loyihalarga 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiradi

2019 yilda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi infratuzilmaviy loyihalarga 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqda Vashingtonda OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Verner Lipax ma’lum qildi, deb yozadi Kun.uz.

Lipaxning aytishicha, O‘zbekiston Pokistondan keyin OTBning zayomi, granti va texnik ko‘magini oluvchi ikkinchi yirik davlat hisoblanadi. Mablag‘lar temir yo‘l samaradorligini oshirishdagi, suv ta’minotidagi yangi loyihalar va boshqa tashabbuslar uchun ajratilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston OTBga a’zo bo‘lgan kunidan boshlab bank mamlakatimizdagi umumiy qiymati 17 mlrd dollarlik 60 dan ko‘proq loyihani moliyalashtirgan.

“Markaziy Osiyoning shundoq markazida joylashgan O‘zbekistonning ishtirokisiz mintaqada miqyosidagi u yoki bu energetik, transport-logistik loyihani amalga oshirib bo‘lmaydi”, deb ta’kidlab o‘tgan Lipak.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilajak loyihalar Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta ahamiyatga egaligi ta’kidlab o‘tilgan. Bunga misol tariqasida O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilayotgan Mozori-Sharif-Hirot yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi loyihasi keltirilgan. Bu loyihaning amalga oshirilishi Afg‘oniston orqali yuklarni tashish hajmini ancha oshirishga imkon beradi, bu davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni tiklashga muhim hissa bo‘ladi hamda mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qiladi.