Oila

Otalar, farzandlaringiz bilan suhbatlashing!

Onalar bilan otalardan qaysi biri bolalari bilan ko‘proq gaplashishi haqida gap ketsa hammamiz onalar ko‘proq gaplashishini bilamiz, tan olamiz. Ba’zi ko‘rsatgichlar hatto onalar farzandlari bilan otalardan 3 barobar ko‘p suhbat qilishlarini ta’kidlaydi.

Bunga sabab qilib biz otalar ish bilan bo‘lib uyda ko‘p bo‘lmasligimizni, ayollar farzandlarga ko‘proq e’tibor berib tarbiyasi bilan shug‘ullanishini, biz ham farzandlarimiz bilan ayollarchalik vaqt o‘tkazganimizda biz ham albatta ko‘p suhbatlashib turardik degan bahonalani keltiramiz.

Lekin yaqinda Amerika Pediatriya Akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot bu da’volarning asossiz ekanligini ko‘rsatib berdi. Tadqiqot jarayonida bir nechta ota-onalardan farzandlarining oldiga yozib oluvchi jixoz qo‘yishni va faqatgina ham ota ham ona uyda bo‘lgan vaqti u jihozni yoqishlarini so‘rashgan. Qaydlar tug‘riqxonada, farzand 1 oylik bo‘lganida va 7 oylik bo‘lganida yozib olingan. Natijalar kutilgandan ham qiziq bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha ayollar nafqat farzandlari bilan erkaklarga nisbatan uch barobar ko‘p suhbatlashishar ekan, balki farzandlar onalar bilan dialog qilishga, onalarning savollariga to‘laqonli javoblar berishga moil ekan.

Yana onalar ko‘proq qiz farzandlar bilan gaplashishlari ma’lum bo‘ldi. Albatta ayollar tabiatan sersuhbat va ijtimoiy faol bo‘lishlari ko‘pchiligimizga ma’lum. Qiz farzandlarning rivojlanishi o‘g‘illarga nisbatan tezroq bo‘ladi va natijada onalar qizlari bilan gaplashishni o‘g‘illar bilan gaplashishdan ko‘ra qiziqarliroq deb hisoblaydilar.

Shuni ta’kidlash kerakki bolalar qancha ko‘p so‘z eshitishsa ularning so‘z bolyliklari shuncha ko‘payadi, shuncha tez gapirib ketadilar, vaqtli o‘qishni o‘rganadilar va natijada o‘qish va kelajakdagi xayotlarida muvaffaqiyatli bo‘ladilar. Yana qaytaramiz, bola yaqinlaridan qancha ko‘p so‘z eshitsa (otasi, onasi, opa ukalari va hokazo.. televizor bunga kirmaydi, chunki suhbat har ikki tomonlama bo‘lishi kerak) shuncha farzand uchun foydasi ko‘p bo‘ladi.

Eng muhumi farzand tarbiyasi va kamolotida onalar bilan birga otalarning ham katta o‘rni bor. Shunday ekan hurmatli otalar, farzandilaringiz bilan tez-tez gaplashing!

Sal qulay imkon bo‘ldi deganda ularni onalari bilan tashlab qo‘yishga odatlanmang. Ular bilan turli mavzularda suhbatlashing; rejalaringiz haqida aytib bering, kuningiz qanyda o‘tganini, ko‘rgan va qilgan hamma ishlaringiz haqida gapiring. Ular bilan birga o‘ynang, hazil-huzul qiling.

Farzandlaringiz bilan onalari kabi gaplashishingiz ham shart emas, o‘zingiz hohlagan usulda suhbatlashing. Otalar odatda nima?' va qayerda?' savollarini ko‘p berishadi, va bu bolaning fikrlash qobiliyatining yaxshi rivojlanishiga va so‘z boyligining oshishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Keling, harakat qilib ko‘ramiz va ayollar farzandlarimiz bilan bizdan 3 barobar ko‘p gaplashadi degan faktni o‘zgartiramiz. Bu maqolani boshqa farzandi bor bo‘lgan do‘stlaringizga ham tavsiya qiling.

[Rus va ingliz tilidagi maqolalar asosida tayyorlandi]