“O‘zsanoatqurilishbank” jahon fond bozoriga chiqishni mo‘ljallamoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank” xalqaro “Freedom Finance” kompaniyasi bilan investitsiyalar bo‘yicha vositachilik yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, deb yozadi Kun.uz.
“Freedom Finance” kompaniyasi ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari Amerika, Rossiya va Qozog‘iston fond bozorlarida uzoq muddatlardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
“Freedom Finance” kompaniyasi qimmatli qog‘ozlar bozorida “O‘zsanoatqurilishbank”ning qimmatli qog‘ozlari va pul mablag‘lari hisobini yuritish, qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar va operatsiyalarni bajarish barobarida bankka yangi investor va aksiyadorlarni jalb etish bilan shug‘ullanadi.
Jahon fond bozorida o‘zining nufuzli o‘rniga ega xalqaro kompaniya bilan hamkorlik munosabatlarining yo‘lga qo‘yilishi “O‘zsanoatqurilishbank” qimmatli qog‘ozlarining nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu esa o‘z navbatida bank kapitalining yanada mustahkamlanishi, pirovardida esa “O‘zsanoatqurilishbank” qimmatli qog‘ozlari daromadi hamda likvidligining oshishiga xizmat qiladi.