O‘zbekistondagi mutasaddi idoralarga 2018 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda xorijiy fuqarolarning turli toifalariga qo‘shimcha viza tartiblarini joriy qilish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi yuklatiladi. Bu Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Ushbu viza tartiblari quyidagilardan iborat bo‘lishi belgilangan:
Silk road — Ipak yo‘li mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilayotgan turistlar uchun boshqa mamlakatlar viza belgilarini tan olish imkoniyati bilan;
«Vatandosh» — kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lganlar va ularning oila a’zolariga 5 yillik viza;
Golden visa — yirik xorijiy investorlar uchun 10 yillik viza.
Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga xorijiy fuqarolar uchun vizasiz kirish tartibini joriy qilish natijasiga ko‘ra 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda fuqarolari O‘zbekistondan tranzit orqali o‘tadigan, vaqtincha bo‘ladigan va chiqib ketadigan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Mazkur qaror bilan hozircha O‘zbekistonda 101 davlat fuqarolari 5 kungacha vizasiz qolishi mumkinligi belgilangan.