Bilasizmi?

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 18 fevraldagi 5349-son "Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatda raqamli iqtisodiyotni, zamonaviy axborot texnologiyalarini davlat boshqaruvida tatbiq etishni rivojlantirish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilgan hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi, deb yozadi Kun.uz.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda quyidagi yo‘nalishlar belgilab olingan:

— davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat organlarining joylarda zarur axborot tizimlari va resurslarini, dasturiy ta’minot va elektron xizmatlarning joriy qilinishini muvofiqlashtirishlarini belgilab olish;

— mamlakatda raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari bozorini, jumladan davlat xususiy sherikchiligi asosida texnopark va kovorking-markazlar faoliyatini tashkil qilish orqali xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish;

— zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi, aloqa texnologiya va tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirishni joriy qilishni muvofiqlashtirish;

— davlat boshqaruvida va iqtisodiyot sohalarida elektron xizmatlarni joriy qilish, elektron tijorat va dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirish orqali raqamli iqtisodiyotni yuksaltirish;

— Internetning milliy segmentini, raqamli media-kontentni tashkiliy, moddiy-texnik va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash orqali rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

— shahar va hududiy infratuzilmani boshqarishda foydalanish, xususan turar-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish, transport logistikasi, xavfsiz va «aqlli shahar» uchun «aqlli tizim»larni ishlab chiqish;

— malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish.

Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

— ikki oy muddatda davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati, jumladan axborot tizimlari va kadrlar bilan ta’minlanganlik holatini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish;

— 2018 yilga qadar mazkur yo‘nalishni takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Shu bilan birga, 2030 yilga qadar «Raqamli O‘zbekiston» konsepsiyasini ishlab chiqish yuzasidan ham chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 31 avgustiga qadar davom etadi.