Dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha 2018 yilning yanvar-iyul oylarida respublika korxonalari tomonidan 113,1 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan o‘sish sur’ati 110,7%ni tashkil etdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Jami sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sishining asosiy omili bo‘lib, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatida ishlab chiqarish hajmining 7,6%ga, tog‘- kon sanoati va ochiq konlarni ishlashning – 31,2%ga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalashning 1,3%ga va suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilishning – 35,6%ga o‘sishi hisoblanadi.
Tog‘- kon sanoati va ochiq konlarni ishlash korxonalari tomonidan 2018 yilning yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 18,4 trln so‘mni yoki jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 16,3%ni tashkil etdi.
Tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar turi bo‘yicha chaqiq tosh qazib olish hajmi o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 1,5 martaga, kaolin - 1,8 martaga, gaz kondensati – 16,1%ga va tabiiy gaz – 6,6%ga oshgan. Shu bilan birga neft qazib olish hajmining 9,9%ga va ko‘mirning – 13,1%ga kamayganligini kuzatish mumkin.