O‘zbekiston hududida kinoteatrlarning yaratilishi tashabbuskorlar — xususiy kompaniyalarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining «2018–2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan, deb yozadi Daryo.uz.
Dasturda ishtirok etishni istagan kompaniyalar O‘zbekiston milliy bankidan imtiyozli kreditlar olishi mumkin. Bank krediti loyiha tannarxining 75 foizidan ko‘pini qoplamaydi, foiz stavkasi MB qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan oshmaydi (ayni paytda bu ko‘rsatkich 14 foizga teng).
Kredit besh yilga beriladi, asosiy qarzni yopish uchun imtiyozli muddat bir yildan oshmaydi.
Dastur doirasida quriladigan kinoteatrlar yagona tarmoqqa ulanib, filmlarning markazlashtirilgan raqamli onlay-yetkazilishi ta’minlanadi.
Yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimiyatlari tomonidan taqdim etiladi.