Bilasizmi?

O‘zbekistonda investitsiya kirituvchilarga yangi imtiyozlar ishlab chiqildi

Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda investitsion muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston prezidentining farmoni loyihasini tayyorladi.

Loyiha Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida qo‘yilgan.

Loyihada investor va tadbirkorlik sub’yektlarini davlat organining noqonuniy ma’muriy aktlaridan himoyalash mexanizmlari o‘rnatilmoqda.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishda qonuniylik va aniqlikni ta’minlash maqsadida, loyihada yer uchastkalarini olib qo‘yishning aniq holatlari belgilanmoqda.

Turar joy va ishlab chiqarish ob’yektlarini buzish faqat ko‘chmas mulkning bozor qiymati va mulkdorga yetkaziladigan zararning o‘rni qoplangandan keyin amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning yangi mexanizmlari ishlab chiqilgan, xususan, yer uchastkalarini 50 yilgacha uzoq muddatli ijaraga berish tartibi joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasiga kamida 200 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilish uchun yashash guvohnomasini va ko‘p martalik vizalarni olishning yangi mexanizmlari taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga "Faxriy fuqaro" unvonini berish masalasi ko‘rib chiqiladi.