O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligiga amaliy tashrif buyurdi. Dastlabki rasmiy uchrashuv 5 iyul kuni XXR JXV huzuridagi Birinchi ilmiy tadqiqot institutida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot-xizmati.
Mazkur ilmiy tadqiqot instituti Xitoy politsiya tizimida alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yerda yaratilgan ko‘plab ilmiy ishlanmalar, tadqiqot natijalari bugungi kunda hayotga tatbiq etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda, jinoyatchilikka qarshi kurashda juda qo‘l kelmoqda. Mazkur institutda 2400 nafarga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 53 nafari fan doktori, professordir.
Institutda yaratilgan ixtirolar, xususan, turli qo‘poruvchilik harakatlarida, portlovchi uskunalarni zararsizlantirishda, jinoyatchilardan himoyalanishda va yana ko‘plab har xil vaziyatlarda foydalanishda asqotadigan kiyimlar, himoya vositalari O‘zbekiston IIV vakillarida qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, jamoat joylari, metro va odamlar qatnovi ko‘p bo‘ladigan maskanlarga o‘rnatiladigan skanerlash uskunasi ko‘pchilikning e’tiborini tordi. Uning afzalligi shundaki, harakatlanayotgan juda ko‘plab odamlarni shunchalik tez va sifatli skanerdan o‘tkazib, ular orasidan, tanasida turli portlovchi moslama yoki qurolni yashirib o‘tkazishga uringan yovuz niyatli kimsani tezda aniqlaydi.
Bundan tashqari, davlat idoralari, tashkilotlar, muassasalar kirish joyiga o‘rnatiladigan moslama ham e’tibordan chetda qolmadi. U orqali binoga kirayotgan shaxsning ilgari jinoyat sodir etgan-etmagani, qidiruvdaligi tezda aniqlanadi. Mehmonxonalar, muhim qo‘riqlanadigan ob’yektlarga kirishda mashinalarning tag qismini hech bir shaxs aralashuvisiz, mustaqil tekshiradigan, xavf bo‘lsa avtomatik ravishda xabar beradigan moslama ham vakillarimizda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuv ikki tomon vakillari uchun kengaytirilgan tartibda tashkil etilgan davra suhbati tarzida davom etdi. Mutaxassislar institut faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasi a’zolariga batafsil ma’lumot berishdi. Transport, texnikaviy, kiberjinoyatchilik, terrorizmga qarshi kurashish va yana ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan institut jamoasining faoliyatiga delegatsiyamiz vakillari alohida qiziqish bildirdi.
"Institut faoliyati bilan tanishib, bu yerda yaratilgan ixtirolar jamoat xavfsizligini ta’minlashda, jinoyatchilikka qarshi kurashishda qanchalik naf berayotganini anglab yetdik. Institutda 53 nafar fan doktori, yana yuzlab turli sohaning yetuk mutaxassislari faoliyat ko‘rsatar ekan. Shuncha olimlarning izlanishlar olib borishi, jon kuydirib mehnat qilishidan shuni anglash mumkinki, ular yagona bir maqsadni ko‘zlashgan: bu ham bo‘lsa tinchlikni ta’minlash, politsiyaning jamoat xavfsizligi, huquqbuzarliklarga qarshi kurashishdagi imkoniyatini oshirish, uni mukammal va kuchli tuzilmaga aylantirishdir. Ishlanmalar qiziqishimizni orttirdi. Ulardan kelgusida O‘zbekistonda foydalanishni xohlaymiz. Bundan tashqari, ilmiy izlanishlarda hamkorlik qilishni, bu yerda xodimlarimizning malakasini oshirishni istaymiz", — dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov.
Delegatsiya a’zolari xodimlar xavfsizligini ta’minlaydigan, vaqtni tejaydigan, eng muhimi, jinoyatchilikka qarshi kurashishda asqatadigan ayrim ishlanmalarning qanday ishlatilishini so‘rab-surishtirishdi. Ba’zi qurilmalarni mutaxassislar yordamida shu yerning o‘zida ishlatib ko‘rishdi.