Bilasizmi?

O‘zbekiston Prezidenti Rio–2016 g‘oliblarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida»gi farmoyishni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA keltirdi, deb Daryo.Uz yozmoqda.

«Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida olimpiada harakatini targ‘ib etishdagi faol ishtiroki, Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlaridagi yuksak sport mahorati va mardligi, xalqaro sport maydonlarida O‘zbekistonning nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga qo‘shgan katta hissasi uchun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 12 iyuldagi PQ-2558-sonli qaroriga muvofiq quyidagi sportchilar biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlansinlar», — deyiladi farmoyishda.

Jumladan, Nurudinov Ruslan Shamilevich (og‘ir atletika), Do‘smatov Xasanboy Marfjon o‘g‘li (boks), Zoirov Shaxobidin Shokirovich (boks), Gaibnazarov Fazliddin Xasanbayevich (boks) oltin medal olgani uchun har biri 200 000 AQSh dollari bilan, Giyasov Shaxram Djamshedovich (boks), Meliqo‘ziyev Bektemir Ro‘zmatjon o‘g‘li (boks) kumush medal olgani uchun har biri 100 000 AQSh dollari bilan, Axmadaliyev Murodjon Qahor o‘g‘li (boks), Tulaganov Rustam To‘lqin o‘g‘li (boks), Sobirov Rishod Rashidovich (dzyudo), Urozboyev Diyorbek Baxtiyor o‘g‘li (dzyudo), Tasmuradov Yelmurat Zulipxar-uli (yunon-rum kurashi), Navruzov Ixtiyor Karimovich (erkin kurash), Ibragimov Magomed Idrisovich (erkin kurash) bronza medali olgani uchun har biri 75 000 AQSh dollari bilan mukofotlanadi.

Pul mukofotlarini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan xorijiy valyutada — AQSh dollarida, bankda jismoniy shaxslar uchun belgilangan tartibda ochiladigan depozit hisobraqamlaridan, soliq undirilmasdan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu maqsadlar uchun zarur pul mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlashi, Markaziy bank esa Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki bilan birgalikda ajratilgan mablag‘larni Madaniyat va sport ishlari vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha belgilangan tartibda konvertatsiya qilishi belgilandi.

Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.