O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha yetakchi mamlakatlar beshligidan chiqib ketdi, deb yozmoqda Daryo.uz.
2017 yili O‘zbekiston eng yuqori 6 ta o‘rindan birini band qilgan. Shu yili O‘zbekiston o‘rik eksporti hajmini 50 ming tonnadan taxminan 23 ming tonnaga kamaytirgan. O‘zbekistondan oldingi o‘rinlarni Ispaniya, Turkiya, Fransiya, Italiya va Gretsiya egallagan.
2016 yili O‘zbekiston o‘rik eksport qilish bo‘yicha Ispaniyadan keyin 2-o‘rinni egallab turgan.
Meva va sabzavot bozori mutaxassislarining fikricha, O‘zbekistondan eksport qilinadigan o‘rikning deyarli 100 foizi Rossiyaga yuboriladi. Rasmiy manbalarning statistik ma’lumotlari Qozog‘istondan ham katta hajmda o‘rik eksport qilinishidan dalolat beradi.
Savdo sohasi vakillarining fikricha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bugungi kunda O‘zbekistondan Rossiyaga amalga oshiriladigan meva eksporti uchun tranzit nuqta vazifasini bajarmoqda.
Tahlilchilar O‘zbekistondan kelgan eksport jo‘natmalarning aksariyati muvaffaqiyatli bo‘lmagani, natijada ularga qayta buyurtma berilmagani haqida fikr bildirmoqda. Bu holatga eksport qoidalarini yaxshi bilmaslik, shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga meva yuborish bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab bo‘lgan. Ma’lumki, buyurtmachi tomonidan oldindan 100 foiz to‘lov amalga oshirilmasa, eksport mahsuloti jo‘natilmaydi.
Shuningdek, Rossiyada mahsulotning sifati va sog‘liq uchun xavfsizligi borasida mamlakatning o‘z talablari bor. Murakkab va qimmat logistika ham katta muammoligicha qolmoqda. O‘zbekistonning dengizga chiqish yo‘li yo‘q, qolaversa, asosiy bozorlardan uzoqda joylashgan.
Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston danakli mevalarning eksportini yanada kengaytirish imkoniga ega, negaki mamlakatda mevalar G‘arbiy yarimshardagi boshqa davlatlarga nisbatan tezroq yetiladi. Demak, O‘zbekiston ertaroq yetkazib berilgan mahsulot uchun kattaroq narx qo‘yilishiga erishishi mumkin. Buning uchun mahsulot sifati ustida ishlash, mavsum davomiyligini uzaytirish va marketing tadqiqotlari olib borish zarur.
Avvalroq O‘zbekiston gilos eksporti bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘ringa chiqib, Ispaniyani ortda qoldirgani xabar qilingan edi.