Bilasizmi?

O‘zbekiston harbiylari xalqaro musobaqada rekord o‘rnatishdi

MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasida harbiy-amaliy sportning "Ko‘p kurash harbiy sport kompleksi" turi bo‘yicha Minsk shahrida o‘tkazilgan halqaro musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari mezbonlardan keyin ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Nufuzli musobaqada Belarus (ikkita jamoa), O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston respublikalari, Rossiya Federatsiyasi kabi MDHga a’zo davlatlardan oltita jamoa ishtirok etib, 100 va 3000 metrga yugurish, granata uloqtirish, turnikda tortilish, to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan birgalikda o‘tish kabi harbiy kompleks mashqlarni yakka va jamoa tarkibida bajardi.

Musobaqada podpolkovniklar Mansur Mamadaminov va Bahodir To‘xtanazarov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi jamoasi yuqori jismoniy tayyorgarliklarini namoyish qildi.

Kichik serjant Isoqjon Rustamov yagona to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan o‘tishda 2 daqiqayu 13 soniya natija qayd etib, nufuzli musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va harbiy kiyimda musoboqa rekordini o‘rnatdi (ilgari musobaqa ishtirokchilari sport kiyimida qatnashgan edi).

Ushbu musobaqada 4 nafar harbiy xizmatchi leytenantlar Shoxruh Nizomov, Faxriddin Mamarizayev, kichik serjant Isoqjon Rustamov hamda Umid Ahmadjonov “Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustasi” va Abbos Isxaqov "Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustaligiga nomzod" talablarini bajardi.

Uchinchi o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi. G‘olib va sovrindor jamoalar kubok, medal va diplomlar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston harbiylari ushbu xalqaro musobaqalarda birinchi marotaba ishtirok etmoqda. Jumladan, shu yilning 16-20 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan harbiy-amaliy sport turining "Komandirlik startlari" yo‘nalishi bo‘yicha o‘zbekistonlik harbiylar munosib ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egallagan edi.