Bilasizmi?

Navoiy viloyatida Vengriya bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar tashkil etiladi

Navoiy viloyatida Vengriya investitsiyasi ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etiladi. «Dunyo» axborot agentligi xabar berishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari O‘ktam Islomov boshchiligidagi Navoiy viloyati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi davomida bu borada kelishuvlarga erishilgan, deb yozadi Kun.uz.

Vengriya milliy savdo uyida o‘tkazilgan biznes forumda Navoiy viloyatidagi «Sharq yog’-moy sanoat» MChJ va Virgin Oil Press Ltd kompaniyalari sovuq press usulida turli moylar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 1 million dollarlik loyihani amalga oshirish borasida kelishuv imzolandi.

Vengriyadagi yarim fabrikatlar va go‘sht mahsulotlari, muzlatilgan meva-sabzavotlar ishlab chiqaradigan eng yirik Mirelite Mirsa kompaniyasi bilan hamkorlikda Xatirchi tumanida meva-sabzavotlarni chuqur muzlatishga ixtisoslashgan qiymati 30 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi.

Baliqni qayta ishlaydigan Metrimpex Co.Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida baliq yetishtirish, qayta ishlash va qadoqlash hamda muzlatilgan baliq va baliq filesini eksport qilishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda Vengriya investitsiyasi 500 ming yevroni tashkil etadi.

Shuningdek, muzokaralar natijasida O‘zbekistonga 400 bosh Holstein zotli yirik shoxli qoramol keltiriladigan bo‘ldi.