Kecha 25ga kirgan ukam noxush xabar aytib qoldi: Jizzaxda bir sinfda o‘qigan qiz o‘zini osib qo‘yibdi. U sinfdagi eng chiroyli, bo‘ylari baland, mag‘rur, tabiiyki, oshiqlari serob bo‘lgan ekan. Undan avvalroq esa andijonlik hamkasbim qayin ukasining o‘z joniga qanday qasd qilganini so‘zlab bergan edi. Rossiyada ishlaydigan yigit sevgan qizining turmushga chiqayotganini eshitib, onasiga qo‘ng‘iroq qiladi, suhbat oxirida telefonni o‘sha qizga olib borishini aytadi. Onaizor o‘g‘lining qanday vaziyatda turganini bilgan holda umid bilan qizning uyiga chopadi. Qizning ovozini eshitgan yigit esa: “Sen bilan bu hayotda birga bo‘la olmadik, endi u dunyoda birga bo‘lamiz, alvido”, deydi xolos. Go‘shak ortidan esa “g‘iyq-g‘iyq” degan ovoz eshitilib qoladi. Yana bir shunga o‘xshash holat o‘tgan yilning yozida Qashqadaryoda bo‘lgan. Shahrisabzlik qiz sevgan yigitining to‘yi kuni kelin-kuyov aylanishga kelgan vaqtda Oqsaroy ustidan ular oldiga o‘zini tashlab hayotdan ko‘z yumdi...
Bular men bir-ikki kun ichida eshitgan noxush xabarlar. Afsuski, bu kabi voqealarga tez-tez guvoh bo‘layapmiz, eshitib qolayapmiz. Savol tug‘iladi: nima uchun yoshlar o‘z joniga qasd qilmoqda? Nahotki o‘lim barcha muammolardan xalos bo‘lishning yagona chorasi sifatida ko‘rinadigan bo‘lib qolgan? E’tibor bergan bo‘lsangiz, men misol qilib keltirgan uch holatning ikkitasida suitsidga sevgi sabab bo‘layapti. Lekin omadsiz sevgi ham asosiy sabab emas, nazarimda. O‘z joniga qasd qilishga irodasizlik, bilimsizlik, mo‘rt tarbiya, noto‘g‘ri yoki butunlay olib borilmayotgan tushuntirish ishlari, turli kino va seriallardagi shu kabi sahnalar sabab bo‘layotgandek. Bir boshdan ushbu sabablar haqida mushohada yuritsak.
Irodasizlik. Ojizlik va irodaning zaifligi muammolarni hal etishda o‘limdan boshqa yo‘llar borligi haqida o‘ylashdan cheklab qo‘yadi. O‘zini qiynayotgan savolga kimdan javob olishi, yaqinlari, tanigan-bilganlaridan qaysi biri unga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkinligini bilmaydi. Go‘yoki uni hech kim tushunmaydi, tuyg‘ulari bilan hisoblashmaydi ham, o‘zini yolg‘iz va keraksiz, qo‘lidan hech nima kelmaydigan ojiz insondek his etadi. O‘lim haqidagi tinimsiz xayollar ongini butunlay mavh etib, shu yo‘l bilangina barcha iztiroblaridan xalos bo‘lishiga qattiq ishona boshlaydi.
Bilimsizlik. Afsuski, ko‘pchilik yoshlarning ongida o‘lim, Jannat, Do‘zax, o‘limdan keyingi hayot haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanib qolgan. Bu dunyoda birga bo‘lmagan odamlar u dunyoda birga bo‘lishiga qattiq ishonishadi. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, bunday emas, o‘limdan keyingi hayot ular o‘ylaganchalik jo‘n va halovatli emas, o‘zini o‘ldirgan odamlar esa Jannatga kirmaydi! U Xudoning qahriga va noroziligiga sabab bo‘ladigan ish – unga ato etilgan omonat, ya’ni umriga hiyonat qilib turgan bo‘lsayu, “narigi” dunyoda uni kim ham iliq qarshi olardi? Qolaversa, keyingi hayotimizda kim bilan bo‘lishimizni ham o‘zimiz belgilamaymiz, dinimizda bu bo‘yicha kerakli ma’lumotlar, ko‘rsatmalar berilgan axir. Buni yoshlarga targ‘ibot kanallari va vositalari orqali diniy ilmi bor mas’ullar ular tushunadigan tilda anglatishi, asl haqiqatni oshkor etib, shariatda o‘z joniga qasd qilgan odamlar qattiq qoralanishi, ularga hattoki janoza ham o‘qilmasligi kerakligini aytishi lozim.
Tarbiya. Bugun ko‘pchilik ota-ona o‘zining asosiy vazifasi bolani yaxshi yedirib-ichirib, yaxshi kiyintirish, uni uyli-joyli qilishdan iborat, deb hisoblaydigan bo‘lib qolgan. Pul topish ilinjida kunlab, haftalab, hattoki oylab farzandlari bilan bir dasturxon atrofida o‘tirmaydi, ular bilan yuzma-muloqot qurmaydi. Bola mehr va e’tiborga zor bo‘lib ulg‘ayadi. Natijada hayotining eng og‘ir lahzalaridan o‘zining eng yaqin insonlaridan ko‘mak olishdan o‘zini tiyadi. O‘z joniga qasd qilayotgan yoshlarning aksariyati ana shunday nosog‘lom muhit hukm surgan oilalarda voyaga yetishgan.
Kino va seriallar. Juda bahsli masala. Bu fikrga ko‘pchilik qo‘shilar, ammo qarshi chiqadiganlar ham ko‘p. Ammo eng mashhur sevgi qissalarini eslang: Romeo va Juletta, Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Otabek va Kumush... Ularning deyarli barchasi baxtsiz yakun – o‘lim bilan tugaydi. Bu kabi hikoyalar ham irodasi zaif va bilimsiz yoshlarni o‘limdan qo‘rqmaydigan qilib qo‘ymaydi, deb kim kafolat beradi? Ular o‘z joniga qasd qilayotgan vaqtda balki o‘zi haqda keyin odamlar qanday o‘ylashi, nimalarni his etib, o‘zlarini qanday tutishi haqida o‘ylar? O‘limi va undan keyingi holatlarni xuddi kinolardagidek dramatik sahna ko‘rinishida tasavvur qilar balki? Iztiroblar iskanjasida odamlar uni achinish hissi bilan yodga olishini istab, hattoki kimlardir ular uchun ko‘z yoshi to‘kishini ko‘z oldiga keltirar? Axir o‘lim lahzalari kinolarda shu qadar ta’sirli, kerak bo‘lsa havas qilarli darajada ishlanadi-ku!
Yashashni o‘rganaylik!
Hayot go‘zal, u bir-ikki muammo bilan tugab qolmaydi, mazmunini ham yo‘qotmaydi. Faqatgina bir muddat ko‘zlarga jilosiz ko‘rinishi mumkin. Ammo haqiqat shundaki, vaqt o‘tishi bilan hammasi unut bo‘ladi, bosilgan izlarni qor qoplaydi, yaralar bitib, kam-ko‘stlarning o‘rni to‘ladi. Bir odamning o‘rnini boshqasi egallaydi, iliq tuyg‘ular sayqal topib, yana jilvalanishni, insonni shirin xayol va totli lahzalar og‘ushi yetaklashni boshlaydi.
Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish uchun esa avvalo o‘z tasavvurlarimizni poklab, uni oliy haqiqat nurida toblaylik, Yaratganning amrlari va ko‘rsatmalari asosida yashashni boshlaylik. So‘ngra bilganlarimiz va amal qilganlarimizni boshqalarga, hayot sinovlarida toblanib ulgurmagan yoshlarga o‘rgataylik. Ularga eng og‘ir lahzalarda ham tushkunlikka tushmasdan, kurashgan va oxir-oqibat maqsadiga erishgan insonlarning hayotini ibrat qilib ko‘rsataylik, o‘zimiz ham ularga namuna bo‘laylik!
PS: Bu borada sizning fikringiz qanday? Yoshlarni o‘zini o‘ldirish haqida fikrlardan chalg‘itish, soxta tasavvurlar, yolg‘onchi tuyg‘ular, hayotdagi turli xil sinovlarni yengib o‘tishlari uchun ularga qanday yo‘l bilan maslahat, tavsiyalar berish mumkin? Mulohazalaringizni biz bilan bo‘lishing. Zero, o‘tkinchi tuyg‘ularni deb boshi berk ko‘chaga kirib qolgan yoshlarga chiqish yo‘llarini ko‘rsatish, ularga yordam qo‘lini cho‘zish barchamizning burchimi, insoniy vazifamizdir. Mulohazalaringizni maqola ostida qoldirishingiz yoki [email protected] elektron manziliga yo‘llashingiz mumkin.