2016 yilning 3 iyun kuni hayot bilan vidolashgan 20-asrning betakror sportchisi Muhammad Alining umr yo‘li kuchli istak, yaxshilik, shukuh, obro‘-e’tibor, odamiylik, baxtiyorlik, e’tiqod kabi hayotiy qoida va amallarga boy bo‘ldi. Quyida uning fe’l-atvori hamda turmush tarziga xos ba’zi odatlar, amallari haqida ma’lumot beramiz.
Kuchli iroda
Afsonaviy boks qiroli Muhammad Alining so‘nggi 32 yillik umri Parkinson kasalligiga qarshi kurashish bilan o‘tgan bo‘lsa ham, u butun umr qaddini tik tutib, kuchli sportchilarga xos iroda bilan yashadi. Hatto bokschi o‘limidan bir necha kun oldin ham kaftini musht qilgancha, chempionlarga xos nigoh bilan kamera qarshisida suratga tushgan ekan.
O‘z vatqidagi jur’at
Ilk o‘ta mashhur sportchi sifatida Muhammad Ali tobora ommalashayotgan televizion shoularni urush, irqchilik, ijtimoiy hayotga haqidagi olamshumul hamda yangi mavzular bilan yanada rang-barang qildi.
Yirik siyosatchilar ham Vetnam urushining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida indamay turgan bir paytda, Alining chaqmoqday ovozi bu urushning insoniyat tarixidagi katta xato ekanini ta’kidladi.
Munosib maqsad
"Meni ringda jang qilayotgan holatda ko‘rgan bo‘lsangiz, siz men to‘g‘rimda raqibini do‘pposlayotgan vahshiy odam degan xayolga bormang. Aslida mening mushtlashishdan maqsadim bor. Odamlar men aytayotgan so‘zlarga quloq tutishlari uchun ham muvaffaqiyatli bo‘lishga majburman", degan edi Muhammad Ali tarjimai holida.
Ali har doim qulay vaziyatda dolzarb mavzu haqida so‘zlashni odat qilgan.
Hayot sabog‘i
"Men ringda Amerika uchun jang qildim va Amerika uchun oltin medalni oldim. O‘sha kuni restoranga kirib, buni nishonlashni istadim, ammo amerikaliklar meni restorandan quvib chiqarishdi. “Qora tanlisan”, deb menga ovqat berishmadi. Alam bilan sohilda kezar ekanman, Amerika uchun olgan oltin medalni daryoga uloqtirdim.
Masjidga kelib qoldim va u yerda oq tanli bilan qora tanli bir safda o‘tirganini, bir-biri bilan og‘a-inidek suhbatlashishayotganini, birga namoz o‘qib, keyin bir-birini bag‘riga bosayotganini ko‘rdim. Men Islomni qabul qilishimni aytdim. Imom menga shahodat kalimasini o‘rgatdi.
Men chempionlik shohsupasida turib, yig‘lamagandim, xozir yig‘ladim. Chempionligimdan ko‘ra xozir buyukroq martabada turganimni his qilib, yig‘ladim…"
O‘z-o‘zini iroda qila olish
Muhammad Ali o‘z-o‘zini har doim idora qila olgan. U o‘z imkoniyatlariga to‘g‘ri baho bera olar, bundan kerilmas va aksincha o‘ziga bo‘lgan ishonchga sukut bilan quloq tutar edi. Unda qudrat va mo‘minlikni mahorat bilan uyg‘unlashtira olishdek noyob fazilat bor edi.
Insonlarga yaxshilik sog‘inish
Ali vaqti chegaralangan bo‘lishiga qaramasdan insonparvarlik, xayr-saxovat maqsadlari yo‘lida jahon bo‘ylab kezdi. Hatto u 1990 yilda Iroqqa borib, mamlakat rahbari bilan muzokara olib boradi va amerikalik tutqun askarlarni ozod qilishga erishadi. 2002 yilda Muhammad Ali Afg‘oniston bo‘ylab Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Tinchlik elchisi" sifatida sayohat qiladi.
Baxtiyor umr siri
"Men doimo odamlarga ular bir necha finjon muhabbat, bir qoshiq sabr, bir choy qoshiq saxiylik, yana bir ozgina g‘amxo‘rlikni aralashtirib, so‘ng unga baxtiyorlik va xohish uyg‘unligi hamda toza e’tiqodni qo‘shsalar va odamlarni mana shu ne’matlar bilan siylasalar, ulardan baxtli odam bo‘lmasligini aytgim keladi."