Oldindan darhol aytib o‘tmoqchimiz: maqola orqali sabotajga da’vat qilish kayfiyati yo‘q. 1944 yilda Markaziy Razvedka Boshqarmasi maxfiy risolani (broshyura) tarqatdi. Unda natsistlar blokining Gitlerga qarshi kayfiyatdagi fuqarolariga atalgan yo‘l-yo‘riqlar bor edi. Risola natsistlar tizimiga qarashli ishlab chiqarish korxonalarini ichdan yemirishga qaratilgan. Qizig‘i shundaki, risola mazmuni bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
“Ishxonada sabotaj tashkil qilishning oddiy usullari” nomli risola 2008 yilda ommaga ko‘rsatildi. Hozirda uni MRB saytidan topish mumkin.
Yo‘riqnomani ko‘zdan kechirib chiqqan o‘quvchi oddiy xodimdan sabotajchi xodimga aylanish naqadar osonligiga amin bo‘ladi.
Biz mazkur risoladan eng diqqatga sazovor iqtiboslarni saralab oldik. Jo‘n tilda bayon etilganiga qaramasdan xuddi bizga tanish biror korxonadagi ahvolni ta’riflaganga o‘xshaydi.
Tekshirib ko‘ring-chi, biror hamkasbingiz ushbu yo‘riqnoma asosida ishlarmikan ;)
Ish jarayonini tashkil etish
- Ishni bir-biriga bog‘liq vositalar orqali tashkil qiling. Bajarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l qoldirmang, tezkor qarorlarga to‘siq yarating.
- Nutq irod qiling. Tez-tez va uzundan-uzoq so‘zlang. O‘z fikrlaringizni uzun latifalar va shaxsiy tajribalaringizdan qo‘shib bayon qiling.
- Iloji bo‘lsa muammolarni qo‘mitalar vositasida yeching, masalalarni hal qilish uchun o‘rganish va ko‘rib chiqishga yuboring. Qo‘mita tarkibiga kamida besh odamni kiritishga erishing.
- Tez-tez noo‘rin masalalarni ko‘tarib turing.
- Suhbatda, protokol va rezolyusiyalarda fikrni aniq-tiniq ifodalashni talab qilavering.
- Masalalarni qayta-qayta ko‘rib chiqing, avvalgi kengashda hal etilgan masalaga qaytavering.
- Atrofingizdagilarni es-hushli, ehtiyotkor bo‘lishga, shoshmaslikka undang. Bu kelajakda muammo keltirib chiqarishi mumkin.
Rahbarlarga maslahatlar
- Xodimlaringizdan qaysi biri eng jo‘n va arzimas ishni bajaradi? Eng muhim topshiriqni o‘shaning zimmasiga yuklang. Qo‘l uchida ishlaydigan xodimlaringizning izzatini joyiga qo‘ying.
- Ishni kam-ko‘stsiz bajartiring. Arzimas xatolik uchun ham qaytadan bajarishga majburlang.
- Jamoadagi kayfiyatni tushirish uchun sust ishlayotganlarning martabasini oshiring. Ishi unmaydigan xodimlarga nisbatan ehtiromli bo‘ling.
- Shoshilinch ishlar tiqilib ketgan mahalda konferensiya tashkil qiling.
- Maosh bilan bog‘liq protseduralar va yo‘riqnomalar sonini oshiring. Bir xodim eplaydigan ishni kamida uch kishi tasdiqlaydigan bo‘lsin.
Xizmatchilarga maslahatlar
- Sekin ishlang.
- Tanaffus muddatini iloji boricha uzaytiring.
- Sifatsiz ish bajaring. Aybni asbob-uskunalarga, mashinaga yoki ish jihozlariga ag‘daring. Ko‘ngildagidek ish bajarishga xalaqit berayotganligidan shikoyat qiling.
- Ish tajribangizni boshqalar bilan aslo o‘rtoqlashmang.
Rahbariyatingiz yoki hamkasblaringizni uchratdingizmi? Uchratmagan bo‘lsangiz, unda sizni tabriklasak bo‘ladi.
Yomon xodim bo‘lishning barcha sir-asrorlarini quyidagi yo‘riqnomadan batafsil o‘rganib olishingiz mumkin.
lifehacker.ru sayti asosida tayyorlandi