Salomatlik

Miyaga salbiy ta’sir etuvchi omillar

Zamonaviy hayotda odamning boshi gangib qolishi xech gap emas. Shunday ekan, boshni asrash kerak. Buning uchun esa miyaga salbiy ta’sir etuvchi omillardan saqlanish kerak.

Uyquga to‘ymaslik. Bu holat global muammoga aylanib bormoqda. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra so‘nggi 100 yil ichida odamlar o‘rtacha 20%ga kamroq uxlayapti. Haddan tashqari uyquga to‘ymaslik oqibatida, bedorlik holatida miyaning turli qismlari sust uyqu fazasiga o‘tadi. Bu paytda odam bitta nuqtada qotib, parishon bo‘lib qoladi, aniq harakat qilish qiyinlashadi. Muntazam to‘yib uxlamaslik natijasida miya xujayralari o‘la boshlaydi.

Nonushta qilmaslik. Ertalab nonushta qilmaslik kun davomida odamning ish samaradorligi va tetikligiga salbiy ta’sir etadi. Bu organizmga zarur quvvatni iste’mol qilmaslik natijasigina emas, balki nonushta qilmaslik tufayli qondagi qand miqdorining kamayishi oqibatidir. Bu esa miyaga oziq moddalar tushishini kamaytiradi va qiyinlashtiradi.

Ortiqcha qand. Miyaning samarali ishlashi uchun shirinlik, achchiq shokolad zarurligini ta’kidladik. Biroq qand moddasining haddan ortig‘i oqsil va oziq moddalar singishi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Qand miqdori kam bo‘lganda organizmda qanday o‘zgarishlar ro‘y bersa, haddan ortiq bo‘lganda ham xuddi shunday o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ya’ni oziq moddalar miyaga o‘tmaydi.

Ruhiy ziqlik. Kuchli ruhiy-hissiy zo‘riqish neyronlar o‘rtasidagi aloqaning uzilishiga sabab bo‘lib, voqealar ketma-ketligi, sabab-natija aloqadorligini tushunishni qiyinlashtiradi. Kuchli asabiy zo‘riqish xech bir ish unmayotgandek tuyulishi shu bilan bog‘liq. Yig‘ilib qolgan ziqlik xotirani yomonlashtirib, aqliy salohiyatni pasaytiradi.

Chekish. Chekishning organizmga salbiy ta’siri haqida gapirganda hayolga birinchi bo‘lib qoraygan o‘pka tasviri va tishlarning hunuk ko‘rinishi keladi. Ammo sigaretning bosh miyaga qanday ta’sir qilishi to‘g‘risida kam gapiriladi: nikotin tomirlarni toraytiradi. Bu miyada oziq moddalarning yetishmasligi bilan birga alsgeymer kasalligi xavfini bir necha baravar oshiradi.

Quyosh. Quyosh nuri yetishmasligi odamning bilim olish qobiliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, quyosh nuridan olinadigan ultrabinafsha nurlar qon aylanishi (kislorod va oziq moddalar kelishi)ni tartibga soladi. Ikkinchidan, quyosh nuri serotonin – odamning kayfiyatini ko‘taradigan gormon ajralishiga yordam beradi.

Suv. Suv yetishmasligi miya hajmini kichraytiradi. Bu esa uning ishlash funksiyasini anchagina pasaytirib, axborotni eslab qolishni juda qiyinlashtiradi. Bir sutkada o‘rtacha 2 litr suv ichish tavsiya etiladi.

Antidepressantlar va uyqu dori. Rivojlanayotgan davlatlarda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarga o‘chlik – dolzarb muammo. Zero u yerlarda dorilarni topish ancha oson. Ayrim uyqu dori va ommalashgan antidepressantlar xotirani yomonlashtirib, aqli zaiflikni keltirib chiqarishi mumkin.

Axborot ko‘pligi. Odam o‘zlashtiradigan axborot yil sayin shiddat bilan kengaymoqda. Bu miyani chiniqtirib, uning faolligini saqlaydigandek tuyuladi. Aslida esa miya bunga qarshilik bilan javob beradi. Natijada miya axborotni qabul qilmay qo‘yadi, xotirada esa uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Ko‘p vazifalilik. Axborot olamining boshqa salbiy ta’siri: odam birdaniga bir necha axborot oqimini qabul qiladi. Natijada ularning birontasi yetarli darajada qabul qilinmaydi, ong esa bunday ish tarziga o‘rganib qoladi. Axborot yuzaki qabul qilinadi, bitta ish bilan yuzaki shug‘ullanish qiyinlashaveradi. Manba: Beka.uz