2018 yili Rossiyada yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun saralashining uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishdi. Samvel Babayan boshchiligidagi milliy terma jamoaning ushbu yig‘ini 6 – 21 iyul kunlari Avstriyada bo‘lib o‘tadi. Bu haqida O‘zbekiston futbol federatsiyasining rasmiy sayti xabar qildi.
E’tiborlisi shundaki, milliy terma jamoa murabbiylar shtabi Avstriyadagi yig‘inga mahalliy chempionatda to‘p surayotgan futbolchilarni olib ketishga qaror qilgan. Ular orasida yangi nomlarni ham uchratish mumkin. Jumladan, "Paxtakor"dan Jamshid Boltaboyev, "Buxoro" klubidan Ruslan Melziddinov, Salamat Quttiboyev, shuningdek "Neftchi"ning iqtidorli xujumchisi Murodbek Bobojonov ham mazkur yig‘inda ishtirok etmoqda. Shuningdek, Shoxruz Norxonov, Zafar Polvonov, Doston Tursunov va boshqa futbolchilar 24 iyul kuni o‘tkaziladigan Iroq bilan bahsdan oldin terma jamoa safiga qo‘shilishadi
Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mazkur yig‘in doirasida 14 iyul kuni Germaniya Bundesligasi vakili “Borussiya“ D, 17 iyulda Rossiya premer ligasi a’zosi “Ufa” va 22 iyul kuni yana bir nemis klubi “Karlsrue” ga qarshi sinov nazorat bahslarini o‘tkazishadi.
Mazkur xorij yig‘iniga legioner futbolchilar chaqirilmagan.
Darvozabonlar: Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”), Eldor Suyunov (“Nasaf)
Himoyachilar: Davron Xoshimov (“Paxtakor”), Islom To‘xtaxo‘jayev (“Lokomotiv”), Kamoliddin Tojiyev (“Paxtakor”), Akromjon Komilov (“Bunyodkor”), Ruslan Melzitdinov (“Buxoro”), Aleksandr Merzlyakov (“Buxoro”), Akmal Shorahmedov (“Bunyodkor”)
Yarim himoyachilar: Azimjon Ahmedov (“Paxtakor”), Javohir Sohibov (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Bunyodkor”), Salamat Qutiboyev (“Buxoro”), Jamshid Boltaboyev (“Paxtakor”), Stanislav Andreyev (“Paxtakor”) Jamshid Iskanderov (“Paxtakor”) Jasur Hasanov (“Lokomotiv”), Doston Hamdamov (“Bunyodkor”), Eldor Shomurodov (“Bunyodkor”), Sherzod Karimov (“Paxtakor”)
Hujumchilar: Marat Bikmayev (“Lokomotiv”), Murodbek Bobojonov (“Neftchi”)
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2018 uchinchi saralash bosqichi oldidan Iroq hamda Yaman terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish borasida kelishuvi bor. Iroq bilan o‘tkaziladigan nazorat uchrashuvi 24 iyul kuni, Toshketdagi “Bunyodkor” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yamanga qarshi kechadigan nazorat o‘yini esa 24 avgustga belgilangan. Ushbu o‘yin ham “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Har ikki ucharshuv Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.