“Bobur videofilmidagi Ma’murjon To‘xtasinov ijro etgan “Yaxshilig‘” qo‘shig‘ini maza qilib tinglamagan san’at shaydosi bo‘lmasa kerak. Aslida Bobur g‘azalini qo‘shiq qilish uchun ham ma’lum ma’noda jasorat, shoir hayratidan kam bo‘lmagan hayrat va pok qalb kerak. “Kim ko‘ribdi ey ko‘ngil, ahli jahondir yaxshilig‘” deya kuylaganida davralar bu qo‘shiqqa beixtiyor jo‘r bo‘lar, eshituvchini sehrlab olardi. Bu sehr ortida almashtirib bo‘lmaydigan ovoz, mukammal ijro bor. Shirali ovozi, betakror qo‘shiqlari bilan halqimiz qalbidan joy olgan O‘zbekiston xalq artisti Ma’murjon To‘xtasinov bugun oramizda bo‘lmasa-da, uning diltortar navolari hamon yashab kelmoqda.
San’atkorning farzandi Umidjon To‘xtasinov ham otasi izidan borayotgan ijodkorlardan. U bilan bo‘lgan suhbatimizda Ma’murjon To‘xtasinov haqidagi xotiralarni yodga oldik.
— Otangizning kimgadir qilgan katta yaxshiligi yoki xayriyasini eslay olasizmi?
— U kishi bunday ishni aytishni, shuning orqasidan obro‘ orttirishni aslo istamasdi. Ana shunday mard fe’l-atvori bor edi. 8 yil yonida birga el xizmatida borgan bo‘lsak, biror marta “mana shu joyda bepul xizmat qildik” demagan. Kimgadir yordam bergan bo‘lsa “buni hech kim bilmasin” deb bizga ham qattiq tayinlardi, o‘zi ham hech kimga aytmasdi.
— Ma’murjon akaning qaysi jihatlarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
— Hozir ba’zi san’atkorlar muxlislarning molu davlati, mansabiga qarab muomala qiladi. Otam esa, hech narsani moddiylik bilan o‘lchamasdi. Hammaga bir xil muomala qilardi. Dunyoqarashi keng, oilaparvar inson edi. Hech qachon kibrga berilmasdi. Kimgadir yoqsa-yoqmasa to‘g‘riso‘z edi. Biror narsa o‘ziga yoqmasa to‘g‘risini aytib qo‘ya qolardi.
— San’atkor sifatida sizga biror ta’qiq qo‘yganmi?
— Birovga va’da berishdan oldin o‘ylagin, derdi. O‘zi ham hech qachon biror joyga kech bormagan. Va’da bergan joylarini hech qachon boshqa taklifga almashtirmasdi. Hatto, bir safar muxlislaridan biri bitta mashinaning kalitini o‘rtaga tashlab “aka, biznikiga boring”, deganida ham men boshqa odamga lafz qilib qo‘yganman, deganiga guvoh bo‘lganman. Agar Toshkentga kelish uchun va’da berib qo‘ygan bo‘lsa, albatta, bir kun oldin kelardi. Yo‘lda hamma narsa bo‘lishi mumkin, men lafzsiz odam bo‘lib qolmay derdi. U kishining faoliyatida, o‘rniga boshqa birovni yuborish yoki va’da berilgan joydan qolish holatlari biror marta kuzatilmagan.
— Sizdan boshqa farzandlari ham san’at yo‘lini tanlaganmi?
— Ukam Uyg‘unjon ham san’at yo‘lida, Yana bir ukam O‘tkirbek esa, konservatoriyada tahsil olayapti. Otam, “agar ashulani yaxshi aytsanglar aytinglar, bo‘lmasa, boshqa ish qilinglar”, deb ko‘p takrorlardi. Hammamiz ham u kishiga munosib farzand bo‘lish uchun intilayapmiz.
— Kimdir falonchining farzandi degan gapni unchalik yoqtirmaydi. Siz-chi?
— Yaqinda bir ijodkorning farzandi, men otamdan ham o‘tib ketaman, meni uning farzandi deb qarashlarini istamayman dedi. Bu gapdan so‘ng o‘ylanib qoldim. Men otamning farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Qani edi, u kishi qilgan ishning yuzdan birini qila olsam. Bu ham, katta gap.
— Otangizning qo‘shiqlarini qayta ijro etish niyatingiz bormi?
— “Birovga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi” nomli qo‘shig‘ini ijro etdim. U kishining qo‘shiqlarini ijro etish uchun ham jur’at kerak. Agar o‘zidek ijro etolmasangiz, muxlislarni norozi qilib qo‘yishingiz mumkin.
— Eng ko‘p takrorlaydigan nasihati...
— Nomard bo‘lib yashamanglar. Mardlik insonni aziz qiladi, deb uqtirardi.
— Nega Ma’murjon aka poytaxtga kelib ijod qilmagan? Axir bu yerda imkoniyat ko‘proq ediku.
— Bundan bir necha yil oldin suhbatlarning birida otamga shu savolni berishganida, u kishi “men ota-onamni so‘nggi yo‘lga kuzatish chog‘ida yonlarida bo‘lmasam, farzandlik burchimni bajarolmasam o‘zimni kechirolmayman” deya javob bergandi. Bu shunchaki balandparvoz gap emas. U nafaqat yaxshi san’atkor, balki inson, ota va farzand sifatida ham havas qilsa arzirli odam edi. Men san’atkorman deb oilani esdan chiqarib qo‘ymasdi.
— Bilishimizcha, siz otangiz ishlatgan telefon raqamini o‘chirmay, o‘sha raqamdan foydalanar ekansiz. Demak, otangiz siz uchun hamon tirik.
— Muxlislari otam dunyodan o‘tganidan keyin ham, salkam ikki yil vafot etganiga ishonishmadi. Men o‘g‘liman desam ham, biz adashib tushibmiz shekilli deyishdi. Demak, otam nafaqat bizning, balki muxlislarining ham yuragida qolgan ekan.
Xulosa o‘rnida: Hozirda ba’zi san’atkorlar haqida gap ketganda, “falonchi lafzi yo‘qni aytyapsizmi?” degan kinoyalarni eshitib qolamiz. Xalq orasida aytilgan joyga boraman deb, va’da berib, keyin esa o‘z so‘zning ustidan chiqolmay obro‘sini yo‘qotgan san’atkorlar ham yo‘q emas. Ha aytgandek, bir kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlardan biri xatto televideniye kameralari qarshisida tap tortmay “men bepul to‘yga boradigan darajada obro‘si past honanda emasman” degandi. Shundan buyon bu honandani xatto ismini ham eshitgim kelmaydi. Shu gapi bilan faqat pulga sotiladigan va sotib olinadigan “san’ati”ning obro‘sini narxlab bergandi. Marhum san’atkorning lafzga, aytgan gapiga sodiqligi haqidagi xotiralarni eshitib esa, yosh ijodkorlarning obro‘ qozonish maqsadida nima qilishlari kerakligini anglagandekman. Hatto, mashina uchun ham so‘zidan qaytmagan san’atkordan o‘rnak olsa arziydi.
Zuhra RO‘ZIyeVA