Charli Chaplin (1889–1909)—kino san’ati afsonasi aksari san’atkorlar kabi avval teatr sahnalarida "kashf qilingan". Charli 14 yoshida teatrning to‘la huquqli aktyoriga aylangan. Uning ota-onasi ham Londondagi teatrlardan birida xizmat qilishgan. Endigina atak-chechak qila boshlagan kino san’atida Charlining ilk obrazlari muvaffaqiyatsizdek ko‘ringan bo‘lsa ham, keyinchalik bu qiyofa kino olamining eng taniqli siymosiga aylandi. Va, aytish mumkinki, bu san’at hodisasidan so‘ng mana bir asr o‘tsa hamki, janob Chaplin kabi shon-shuhrat, e’tirofga sazovor inson dunyoga kelgani, sahnani "zabt" etgani yo‘q.
5 yoshidan boshlab sahnaga chiqqan Charli Chaplin qiyofasi milliardlab insonlar yuziga tabassum hadya qilgan bo‘lsa ham, taqdir taqozosi bilan 10 yoshidan yashash uchun kurashga kirishgan aktyorning mungli ko‘zlari ortida buyuk va g‘amli haqiqatlar yashirin edi. Uning quyida taqdim qilinayotgan haqiqatlaridan buyuklikka ilhom bo‘lgan o‘z falsafasiga guvoh bo‘lasiz.
“Fillarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q: ular shu qadar kuchli bo‘lish barobarida, shu qadar itoatkordirlar”.
***
“Hazil-mutoyiba tufayli aqlga sig‘ar yoki sig‘mas, ahamiyatli yoki ahamiyatsiz narsalarga diqqat qilamiz. Yumor bizga yashashimizga va aql-idrokimizni sog‘lom tutishimizga yordam beradi”.
***
“Hamma gap samimiylikda. Banan po‘stlog‘ida sirg‘anib qulagan keksa cholni ko‘rib, uning lat yeganini o‘ylab achinamiz. Ammo uning o‘rnida gerdaygan biror boyvachcha bo‘lganida biz o‘zimizni qah-qah otib kulishdan tiya olmaymiz”.
***
“Mening azobim kimningdir kulgisiga sabab bo‘lishi mumkin, ammo mening kulgum birovning azobiga sabab bo‘lmasligi kerak”.
***
“Harakatsiz tana onggidagi tasavvur hech nimani o‘zgartira olmaydi”.
***
“Muvaffaqiyatli bo‘lish o‘zingga bo‘lgan ishonchdan iborat. Hattoki men yetimxonada yashab, yegulik ilinjida ko‘chalarda daydigan kezlarimda ham o‘zimni dunyodagi eng buyuk aktyor deb hisoblaganman”.
***
“Kulgili holatda qolib, o‘z sha’nini himoya qilayotgan inson holati bu holatni tan olgannikidan ham kulgiliroqdir. Kayfi oshib qolgan piyonista bunga yorqin misol: u qanchalar atrofidagilarda risoladagidek erkak tasavvurini uyg‘otishga harakat qilmasin, tili va qadam olishi kimligini fosh qilib qo‘yaveradi”.
***
“Ko‘zgu — mening eng yaxshi do‘stim. Boisi uning qarshisida yig‘lab turganimda u hech qachon kulmaydi”.
***
“Birgina qotillik bilan kimdir vahshiy jinoyatchiga aylansa, minglab odamlarning qotili kezi kelganda haqiqiy qahramonga aylanadi. Maqsadga ko‘p narsa bog‘liq”.
***
“Fojia bizni kulgu bilan uning ustidan masxara qilishimizni taqozo qiladi. Ehtimol, ijobiy holatimiz shunga bog‘liqdir. Biz tabiat kuchlari oldida ojizligimizni bilsak-da, telba bo‘lib qolmaslik uchun kulamiz”.
***
“Bu yoziqli dunyoda hech nima, hattoki bizning tashvishlarimiz ham abadiy emas”.
***
“Aqlga qul ahmoqlar soni telbaligi bois ahmoq deb nom chiqarganlardan ancha-muncha ko‘p”.
***
“Men bugungacha shunday edim hamda bir umr masxarabozligimcha qolaman. Va, bu meni har qanaqa siyosatchidan ustunligimni belgilab beradi”.
***
“Hayot — repetitsiya qilish imkonsiz sahna asaridir. Shunday ekan, parda tushib, tomosha baland olqishlarsiz nihoya topmasidan kuylab, raqsga tushishga, yig‘lash va qah-qah otib kulishga, imkon qadar yashashga harakat qiling”.
***
“Mazmun sizga nimaga kerak? Axir hayot mazmun emas, misoli xohishlar dengizi-ku”.
***
“Ishsiz o‘tgan kunda o‘zimni kechki ovqatga nomunosib deb bilaman”.
***
“Hayot — yonidan qaraganda fojia, chetdan qaraganda komediyadir”.
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi.