Amerikalik olimlar kakao keksalik davridagi zaiflikka qarshi eng kuchli vosita ekanligini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, kakao donalari tarkibidagi flavonollar bir necha oy ichida keksalarning aqliy qobiliyatlarini kuchaytirgan. Bu borada o‘tkazilgan tadqiqot natijalari Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilindi, deb yozadi Sof.uz.
Tadqiqotda ishtirok etgan 50—69 yoshdagi 37 kishi ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhdagilarga uch oy mobaynida tez-tez va ko‘p kakao ichish taklif etildi. Kuniga 900 milligramm flavonol iste’mol qilgan mazkur guruhdan farqli o‘laroq, ikkinchi guruhdagilar ulardan 90 barobar kam kakao ichdi. Belgilangan muddatdan so‘ng, xohlovchilar test qilindi: kakao ko‘p ichgan keksalar berilgan topshiriqlarni tezroq bajardi.
Olimlarning taxmin qilishicha, flavonollar miyaning xotira pasayishi bilan bog‘liq qismida qon aylanishini yaxshilaydi. Maqola mualliflaridan biri Skott Smoll so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot avvalida ishtirokchilar xotirasi 60 yoshga mos bo‘lgan. Uch oy o‘tgach esa, ularning xotirasi 30—40 yoshlilarning xotirasi bilan tenglashib qolgan. Biroq mazkur xulosalar katta ko‘lamli tadqiqot yordamida tekshirib ko‘rilishi zarur.
Shunga qaramay, olimlar mushtariylarga kakao va shokolad zaxirasini tayyorlashga shoshilmaslikni maslahat bergan. Negaki, ularning ta’kidlashicha, tadqiqotda tarkibida oddiy kakaoga nisbatan ko‘proq flavonol saqlanib qolgan maxsus ichimlikdan foydalanilgan.